“WORLD EDU - 2026” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Samarqanddagi SOF EXPO ko‘rgazma maydonida “WORLD EDU – 2026” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Turkiya va boshqa o‘ndan ortiq mamlakatdan yetakchi universitetlar, ta’lim tashkilotlari, konsalting kompaniyalari va o‘quv markazlari ishtirok etdi.
– Tashrif buyuruvchilar soni avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada oshdi. Ko‘rgazmada faqat birinchi kunning o‘zida 2600 dan ortiq kishi ishtirok etdi, – deydi SOF EXPO ko‘rgazma majmuasi direktori Ahmad Tojiboyev. – Umuman olganda, tadbir 5000 dan ortiq kishini jalb qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili 4000 dan ortiq kishi kelgan edi. Har yili WORLD EDU oddiy ko‘rgazmadan tajriba almashish, ta’lim imkoniyatlarini taqdim etish va yangi hamkorlikni shakllantirish uchun samarali platformaga aylanib borayotganidan mamnunman.

“WORLD EDU – 2026” abituriyentlar, talabalar va ularning ota-onalari uchun asosiy platformadir. U orqali xalqaro va mahalliy universitetlarga kirish, ta’lim grantlari va stipendiyalari, xalqaro imtihonlar (IELTS, SAT, GMAT), zamonaviy ta’lim dasturlari va martaba istiqbollari bo‘yicha eng so‘nggi ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi.
Tashrif buyuruvchilar universitetlar vakillari bilan bevosita muloqot qilib, maslahatlar olishdi, taqdimotlar va kasbga yo‘naltirish sessiyalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ko‘rgazmada Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari ham o‘zini namoyon etdi. Masalan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti abituriyentlarga shaharsozlik va kadastr geodeziyasi bo‘yicha amaliy vazifalarni bajarishda o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniyatini berdi. Ushbu format yoshlarga nafaqat kasb haqida bilib olish, balki uni tom ma’noda his qilish imkonini berdi.

“WORLD EDU - 2026” nafaqat ta’lim tanlovi platformasi, balki mintaqada inson kapitalini rivojlantirishning muhim vositasiga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA