WBC reytingida 11 nafar professional bokschimiz kuchlilar qatorida
Butunjahon boks kengashi (WBC) tomonidan sentabr oyi uchun e’lon qilingan yangilangan reytingda 11 nafar o‘zbekistonlik professional bokschi qayd etildi.
Aytish lozimki, WBC boshqa professional boks tashkilotlaridan farqli ravishda TOP-40 reytingni taqdim etadi.
Biz uchun e’tiborli jihati, bu safar taqdim etilgan WBC reytingining bitta vazn toifasida uch nafar o‘zbekistonlik bokschi nomi keltirildi.

Xususan, birinchi yarim o‘rta vazn toifasi hisoblangan 63,5 kilogrammda Mujibillo Tursunov (28), Shohjahon Ergashev (31), Ruslan Abdullayev (35) joy olgan bo‘lsa, eng og‘ir vazn toifasidagi bokschimiz Bahodir Jalolov yangilangan reytingda 11, Lazizbek Mullajonov 25-o‘rinni band etdi.
Shuningdek, eng o‘rta vazn toifasi (76,2)da Bektemir Meliqo‘ziyev 6, Nurislom Ismoilov 28, Birinchi o‘rta vazn (69,8)da Isroil Madrimov 8, yengil vazn (61,23)da Sirojbek Ismoilov 15, ikkinchi eng yengil vazn (55,3)da Murodjon Ahmadaliyev 3, ikkinchi eng yengil vazn (55,3)da Muhammad Shexov 9-o‘rindan joy oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA