Vugar Rahimzoda: O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligi turkiy dunyo birligiga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda
Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Vugar Rahimzoda O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari so‘nggi yillarda strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Bu haqda u Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ekspertning qayd etishicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuqori darajadagi siyosiy ishonch, muntazam tashriflar va erishilayotgan kelishuvlar munosabatlarning jadal rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, so‘nggi besh yilda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga ikki marta davlat va to‘rt marta ishchi tashrifni amalga oshirgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonda ikki davlat va yetti ishchi tashrif bilan bo‘lgan.
Vugar Rahimzoda ikki mamlakat o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy baza ham kengayib borayotganini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar 220 dan ortiq hujjat imzolangan. 2023-yilda tashkil etilgan Oliy davlatlararo kengash esa strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirishning muhim institutsional mexanizmiga aylangan.
Deputat Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan “Ozarbayjon Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi shartnomani ikki davlat munosabatlarining kelgusi rivoji uchun muhim hujjat sifatida baholadi. Uning fikricha, mazkur shartnoma ikki xalq o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va hamjihatlikning rasmiy ifodasi bo‘lib, munosabatlarning keyingi bosqichi uchun yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi.
Rahimzoda energetika, transport, ilm-fan, ta’lim, turizm va investitsiya sohalari ham ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilanganini qayd etdi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalari kengayib, qator shaharlar o‘zaro qardosh shaharlarga aylanganini ta’kidladi.
Ekspert O‘zbekistonning Ozarbayjonning ozod etilgan hududlarini tiklashdagi ishtirokini ham ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning amaliy namunasi sifatida ko‘rsatdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarga, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va transport aloqalarining chuqurlashishiga ham xizmat qilmoqda.
Vugar Rahimzodaning fikricha, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining mustahkamlanishi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik va turkiy dunyo birligiga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
D.HAKIMOV,
O‘zA