Vositachilarning talabi Suzukining "PSJ"ga transferini barbod qildi
Manbaga ko‘ra, klublar transferning moliyaviy shartlari yuzasidan deyarli kelishuvga erishgan.
"Parma" darvozaboni Zion Suzukining “PSJ” safiga o‘tishi vositachilar komissiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchilik tufayli amalga oshmay qoldi. Bu haqda jurnalist Sasha Tavoleri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klublar transferning moliyaviy shartlari yuzasidan deyarli kelishuvga erishgan. Parijliklar yaponiyalik posbon uchun 30 mln yevro to‘lashi, yana 5 mln yevro bonuslar ko‘rinishida berilishi ko‘zda tutilgan edi. Futbolchining vakillari ham taklif etilgan shartlarni qabul qilishga tayyor bo‘lgan.
Dastlab vositachilarga 3 mln yevro komissiya to‘lash bo‘yicha kelishib olingan. Biroq muzokaralarning yakuniy bosqichida bu summa 4 mln yevroga oshirilgan. Yangi talab "Parma" va “PSJ”ni qanoatlantirmagani sababli transfer jarayoni to‘xtatilgan.
Avvalroq "Aston Villa" Suzuki bilan bog‘liq vaziyatni kuzatayotgani va “PSJ” bilan kelishuv amalga oshmagach, uning transferi bo‘yicha so‘rov yuborgani xabar qilingandi.
Suzuki 2024 yil yozida Belgiyaning "Sent-Tryuyden" klubidan 7,5 mln yevro evaziga "Parma"ga ko‘chib o‘tgan. U o‘tgan mavsumda 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, 30 ta gol o‘tkazib yubordi. Darvozabon oltita bahsda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Transfermarkt portali 23 yoshli futbolchining bozor qiymatini 30 mln yevroga baholamoqda.