Vorislar bir-birining qonuniy huquqlarini tan olishmasa...
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida mulkdorning o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf qilish huquqi mustahkamlangan.
Ma’lumki, mulkdor bu kabi barcha huquqlardan hayotlik chog‘ida bevosita foydalanadi.
Meros mulki bilan bog‘liq nizolar sudlar tomonidan ko‘rilayotganda, ma’lum bo‘lishicha, bunday nizolar asosan amaldagi qonun talablarini bilmaslik tufayli kelib chiqmoqda. Oqibatda, vorislar bir-birlarining qonuniy huquqlarini tan olishni istamaydilar.
Lekin, meros nizosi bir tarafning ikkinchi taraf qonuniy huquqlarini tan olish bilan bog‘liq ekanini ham yoddan chiqarmasligi kerak. Sudning qonuniy hal qiluv qarori chiqarilganidan keyin ham nizo barham topmagan holatlar uchrab turadi. Afsuski, faqat sudning adolatli qarori bilangina qon-qarindoshlar munosabati yaxshi bo‘lib qolayotgani yo‘q.
Sudlar tomonidan vorislar o‘rtasidagi meros nizolarini ko‘rib chiqishda yaqin qarindosh bo‘lgan aka-uka, opa-singillarga tegishli huquqlarini tushuntirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, meros mulkini talashayotgan yaqin qarindoshlarni yarashtirish va nizoni tinch kelishuv yo‘li bilan hal etishga yordam bermoqda.
Meros masalasi deyarli hamma xalqlarda, qavmlarda bor.
Islomda merosning shartlari tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, «shart» – shunday bir narsaki, agar u mavjud bo‘lmasa, unga bog‘liq voqelik kelmaydi va u mavjud bo‘lsa, o‘sha voqelik mavjud bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin.
Merosda uchta shart bor:
1. Meros qoldiruvchining o‘limi.
2. Meros qoldiruvchining vafotidan so‘ng merosxo‘rning hayot bo‘lishi.
3. Meros oluvchining meros qoldiruvchiga nisbatan kim ekanligi aniq bo‘lishi va nasabi tayin bo‘lishi.
Meros deganda vafot etgan shaxs o‘zidan keyin qoldirgan moddiy boyliklar ko‘zda tutiladi. Merosning hukmlari asosan, Qur’oni Karimda eslatib o‘tilgan. Merosxo‘rlardan kimga qancha ulush meros tegishini Alloh Taoloning o‘zi bayon qilib bergan.
Islomdagi meros shartlari qonunchiligimizda ham aks ettirilgan. Biroq, zamonaviy hayotda achinarli jihati shundaki, meros mulkini talashayotganlarning aksariyatini katta yoshlilar tashkil etadi. Bunday bir-biriga yaqin qarindosh bo‘lgan yoshi ulug‘ insonlarning nizolashib yurishi oqibatida, hatto ularning farzandlari o‘rtasidagi munosabatlarga ham putur yetmoqda. Shunday ekan, meros bilan bog‘liq nizolar nafaqat huquqiy, balki ma’naviy muammo hamdir.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudida ham meros nizolari bilan bog‘liq ishlar ko‘payishi kuzatilmoqda. Meros bilan bog‘liq nizolarning asosiy yomon tarafi, bu yaqin qarindoshlarning mol-mulklarni talashishidir. Ko‘p holatlarda bir ota-onadan tug‘ilgan aka-uka, opa-singillar mulk talashishlari oqibatida «yuz ko‘rmas» bo‘lib, ochiqdan ochiq dushmanga aylanishadi. Ayrim hollarda, meros bilan bog‘liq nizolar yillar davomida davom etishi oqibatida merosxo‘rlar qimmatli vaqt va sog‘liqlarini yo‘qotishganini kech anglab yetishadi.
Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, sud tomonidan da’vogar X.X javobgar M.Xga nisbatan meros ulushini taqsimlash haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan. Taraflar bir-biriga aka-uka hisoblanadi. Ularning nizosi 13 yildan beri davom etib kelmoqda. Natijada, aka-ukaning farzandlari bir-biriga dushmanlik ruhida tarbiyalanib, voyaga yetishgan. Aka-uka yillar davomida sudma-sud yurib, nihoyat charchab murosaga kelishmoqchi bo‘lgan vaqtda, ularning farzandlari bunga qarshilik qilmoqda. Chunki, bu bolalar yoshligidan otasi va amakisi o‘rtasidagi adovat ruhida tarbiyalangan.
Natijada, meros mulki yaroqsiz holatga kelib, uning mulkiy qiymati ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.
O‘z navbatida, meros mulki bilan bog‘liq nizolar jamiyatimizda qon-qarindoshlik munosabatlariga ziyon yetkazayotgani haqida aholiga sudyalar tomonidan atroflicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Sherzodbek Axunbayev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Rishton tumanlararo sudi raisi