Voleybolchi qizlar jamoasi Maldivda
Osiyo voleybol konfederatsiyasi Filippinning Chandon shahrida joriy yilning 6-14 iyun kunlari ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “AVC Women’s Cup-2026” musobaqasida ishtirok etadigan jamoalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Turnirda mezbon mamlakat – Filippin ayollar jamoasi bilan birgalikda Avstraliya, Hongkong, Xitoy, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Livan, Xitoy Taypeyi, O‘zbekiston va Vetnam terma jamoalari qatnashishi belgilandi.

– Mazkur musobaqa Osiyo miqyosida yuqori saviyadagi bellashuv bo‘lib, unda qatnashish terma jamoamiz uchun muhim tajriba va xalqaro maydondagi navbatdagi mas’uliyatli sinov hisoblanadi. Hozirda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Maldivda ushbu Osiyo kubogiga tayyorgarlik mashg‘ulotlarining dastlabki o‘quv-yig‘ini hamda Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan ilk xalqaro turnirda qatnashmoqda. 10 fevralga qadar davom etadigan turnirda voleybolchi qizlarimiz bir qator jamoalar bilan kuch sinashishi belgilangan, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev.

Joriy yil 4 fevraldan boshlangan mazkur xalqaro turnirda voleybolchi qizlarimiz “Humo” jamoasi nomi ostida Qozog‘iston, Eron, Maldiv, Hindiston, Filippin, Shri-Lanka voleybolchilari bilan kuch sinashmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA