Voleybol: mashg‘ulotlarning sifati muvaffaqiyatni ta’minlaydi
Shu kunlarda voleybol bo‘yicha O‘zbekiston qizlar milliy terma jamoasi Toshkent shahridagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida joriy yil 6-14-iyun kunlari Filippinning Kandon shahrida o‘tadigan “AVC Women’s Volleyball Cup – 2026” musobaqasi oldidan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev yetakchiligidagi mutaxassislar mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan sportchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida bo‘lajak musobaqaning nufuzi va ahamiyati, xalqaro maydondagi mas’uliyat hamda terma jamoa oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sportchilarga yaratilgan sharoitlar va jamoaning ruhiy holati o‘rganildi. Terma jamoa a’zolarining fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Har bir sportchining individual tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatlikni ta’minlashning muhim tamoyillari tahlil qilindi.

Nufuzli musobaqada yurt sharafini yuqori darajada himoya qilish borasida takliflar bildirilib, mashg‘ulotlarning xalqaro talablar asosida o‘tkazilishi, har bir kichik elementga e’tibor qaratish muvaffaqiyatni ta’minlashi aytib o‘tildi.
Osiyo voleybol konfederatsiyasi taqvimidan joy olgan “AVC Women’s Volleyball Cup – 2026” musobaqasi oldidan o‘tayotgan o‘quv-yig‘ini iyun oyining ilk kunlariga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA