Vitebsk viloyati bilan hamkorlik rivojlanadi
O‘zbekistonlik tadbirkorlar Belarusning Vitebsk viloyatiga amalga oshirgan tashrif o‘zaro hamkorlik tarixida yangi sahifa ochdi. Safar davomida istiqbolli sarmoya va biznes imkoniyati muhokama etildi, aniq rejalar belgilandi.
Uchrashuvlar natijasida ikki tomonlama hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Hamyurtlarimiz mahalliy ijroiya qo‘mita rahbariyati bilan muzokara o‘tkazib, qator istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildilar.
Xususan, tashrif davomida o‘rganilgan chorvachilik majmualaridan samarali foydalanish imkoniyati, kelgusida qo‘llanishi kutilayotgan soliq imtiyozi, migratsiyaga oid yengillik va boshqa muhim shart-sharoitlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunida tomonlar qo‘shma faoliyat boshlash bo‘yicha aniq reja ishlab chiqdilar. Tez orada tegishli huquqiy masalalarni hal etish va amaliy ishga kirishish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish hamda hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA