Viloyat sudi raisi kubogi
Namanganda mini-futbol bo‘yicha “Namangan viloyati sudi raisi kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sudi va viloyat ma’muriy sudining sudyalari, xodimlari hamda viloyat prokuraturasi jamoalari ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqaning dastlabki bosqichida maydonga chiqqan 12 jamoa orasidan sakkiz jamoa kurashni davom ettirdi. Yarim finalda viloyat sudining birinchi jamoasi Uchqo‘rg‘on tumani sudlari jamoasini 3:1 hisobida, viloyat prokuraturasi jamoasi Yangiqo‘rg‘on tumani sudlari jamoasini 7:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi.

Hal qiluvchi o‘yinda viloyat prokuraturasi jamoasini 4:2 hisobida taslim etgan viloyat sudi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda yangiqo‘rg‘onlik hamkasblarini yirik – 10:2 hisobida tor-mor qilgan Uchqo‘rg‘on tumani sudlari jamoasi zafar shohsupasining uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Turnirda turli naminatsiyalar bo‘yicha ham o‘z mahoratini ko‘rsatgan xodimlar munosib taqdirlandi. Jumladan, o‘zining chiroyli o‘yinlari bilan ajralib turgan viloyat sudining sudya katta yordamchisi Islomjon To‘rayev “Eng yaxshi futbolchi”, Uchqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining devonxona mudiri Botirjon Bozorov “Eng yaxshi himoyachi”, Chust tumani prokurorining yordamchisi Azizbek Abdullayev “Eng yaxshi hujumchi”, viloyat sudining sudya katta yordamchisi Jahongir Tursunov “Eng yaxshi darvozabon” va viloyat sudining sudyasi Davlatmirza Komilov “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikka munosib ko‘rildi.

Tantanali taqdirlash marosimida musobaqaning g‘olib jamoalari hamda eng faol ishtirokchilarga kubok, diplom va esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri