Videoselektordagi topshiriqlar ijrosi amalda
Jizzax politexnika institutida “Vasiylik kengashi”ni tuzish bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda, Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zsanoat qurilish materiallari” uyushmasi “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ Jizzax viloyati hududiy filiali, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi, “BYD UZBEKISTAN FACTORY”, “ADM JIZZAX” MCHJlari, “Basalt Uzbekistan” klasteri, yirik korxona va banklarning rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 29 iyuldagi “Jizzax politexnika instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida institut ish jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini samarali amalga oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash, institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ta’lim jarayonini takomillashtirish, malakali mataxassislarni jalb qilish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliygohda vasiylik kengashi tashkil etildi.

Jizzax politexnika instituti “Vasiylik kengashi” raisi etib Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev, rais o‘rinbosari etib esa ushbu institut rektori, professor Alisher Usmonqulov hamda kengash kotibi vazifasi institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi Jamshid Abdunazarovlar zimmasiga yuklatildi.
Shuningdek, institut vasiylik kengashi tarkibiga – oliygohni bitirib chiqqan kadrlarning kelgusidagi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan bir qator tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari ham kiritildi.

– Jizzax politexnika institutining vasiylik kengashi to‘g‘risidagi nizomni, institut faoliyatini tizimli va samarali tashkil etish, ta’lim jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini amalga oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish belgilangan, – deydi ushbu OTM rektori professor A. Usmonqulov. – Kengash zimmasiga institutga malakali mataxassislarni jalb qilish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, o‘quv va ilmiy labaratoriyalar tashkil etish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, talabalarni ta’lim olishi, darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun fan to‘garaklari, zaruriy moddiy-texnik baza ta’minotini yo‘lga qo‘yish, talabalar turar-joylarida yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi. Xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida chet el oliy ta’lim muassasalari bilan memorandum imzolash, qo‘shma ta’lim dasturlari rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi. Tadbir so‘nggida vasiylik kengashini tuzish bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolandi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA