Vetnam kapitali Buxoro qiyofasini o‘zgartiradi
Bugun dunyoda shaharlarning qiyofasi nafaqat ularning tarixi, balki investitsiya, innovatsiya va zamonaviy infratuzilma bilan uyg‘un rivoji orqali belgilanmoqda. Asrlar davomida Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari chorrahasida turgan Buxoro ham ana shunday yangi taraqqiyot bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatda qulay investitsiya muhitini shakllantirish, xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va zamonaviy shaharsozlik loyihalarini hayotga tatbiq etishga qaratilayotgan yuksak e’tibor bugun Buxoro misolida ham o‘zining amaliy natijalarini namoyon etmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov “Rox Group” kompaniyasi ta’sischisi Tuan Chan boshchiligidagi Vetnam ishbilarmonlari delegatsiyasini qabul qildi.
Samimiy va ishchan ruhda o‘tgan muloqotda vetnamlik investorlarning Buxoro viloyatiga bo‘lgan qiziqishi, hududda amalga oshirish rejalashtirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Rox Group” investorlari Buxoroda umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan ulkan majmualarni barpo etishni rejalashtirmoqda.
Loyihalar doirasida zamonaviy premium toifadagi turar joy majmualari, mehmonxonalar, maktablar, klinikalar, biznes va savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Bu oddiy qurilish emas. Bu — shahar muhitini yangilash, yangi iqtisodiy nuqtalarni shakllantirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish va Buxoroning kelajakdagi qiyofasini belgilashga qaratilgan kompleks yondashuvdir.
Xususan, Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan “Premium” toifadagi turar joy majmuasi va biznes markazini barpo etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “RCA Heritage Bukhara” MCHJ tomonidan Buxoro shahrida yana 1 milliard dollarlik turar joy, savdo va ko‘ngilochar ob’ektlarini o‘z ichiga olgan yirik majmua barpo etish loyihasi taqdim etilgan.
Buxoroning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda har qanday yangi loyiha tarix, milliy me’morchilik va zamonaviylik bilan uyg‘unlashishi talab etiladi. Shu ma’noda, “Rox Group” tomonidan taklif etilayotgan loyihalarning ahamiyati nafaqat sarmoya hajmi, balki ularning konseptual yondashuvida ham namoyon bo‘ladi.
Zamonaviy arxitektura yechimlari, xalqaro standartlarga mos infratuzilma, yashash, dam olish, ta’lim, tibbiyot, savdo va biznes xizmatlarini yagona muhitda birlashtirish orqali yangi shaharsozlik madaniyatini shakllantirish maqsad qilinmoqda.

Bunday loyihalar Buxoroning zamonaviy qiyofasini yanada boyitishi, shaharning turistik jozibadorligini oshirishi, yangi xizmat turlarini paydo qilishi va eng muhimi, mahalliy iqtisodiyot uchun yangi o‘sish nuqtalarini yaratishi mumkin.
Viloyat hokimligi tomonidan xorijiy investorlarga loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratishga tayyor ekanlik ta’kidlandi.
Investitsiyaning haqiqiy qiymati uning raqamlarida emas, odamlar hayotida qanday o‘zgarish yasashida ko‘rinadi.
“Rox Group” rahbari Tuan Chan ham birgalikdagi istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi jarayonida qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida keng imkoniyatlar paydo bo‘lishi, eng muhimi, mahalliy aholi va tashabbuskorlar uchun yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’kidladi.
Demak, bu loyihalar yangi binolar bilan birga yangi kasblar, yangi xizmatlar, yangi tadbirkorlik sub’ektlari va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ham yuzaga keltiradi.
Bu esa davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va investitsiya uchun keng imkoniyatlar yaratish siyosatining hududlardagi amaliy ifodasidir.

Muloqotdan so‘ng vetnamlik ishbilarmonlar — “Rox Group” kompaniyasi rahbari Tuan Chan, direktorlar kengashi raisi Tran Kuang Suang, bosh ijroiya direktori Nguyen Fi Xung, kompaniyaning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha raisi Do Tung Txan, bosh ijroiya direktorining o‘rinbosari Nguyen Vet Son va boshqalar viloyat hokimligi mutasaddilari hamrohligida Buxoro shahrining “Gulchorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “New Central Bukhara” hamda Buxoro tumanidagi “New Bukhara City” loyihalari uchun tanlangan yer maydonlarini ko‘zdan kechirishdi.
Bu tashrif ramziy ma’noga ham ega. Zero, sarmoyadorning loyihani qog‘ozda emas, uni amalga oshirish uchun tanlangan hududda ko‘rishi — rejadan amaliy harakatga o‘tishning muhim bosqichidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri