Vengriyada O‘zbekiston madhiyasi yangradi
Vengriyaning Budapesht shahrida sport kurashlari bo‘yicha "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlariga xalqaro reyting ochkolarini taqdim etadigan nufuzli turnirning yana bir kuni ortda qoldi.
Unda ishtirok etayotgan erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Razambek Jamalov oltin medalga sazovor bo‘ldi.
-74 kilogramm vazn toifasida kurashgan terma jamoamiz a’zosi dastlabki davrada Venesuela, chorak finalda Gruziya, yarim finalda Eron va finalda Vengriya vakillarini mag‘lub etdi. Ushbu vaznda kurash olib borgan hamyurtimiz Bekzod Abdurahmonov yarim final ostonasida musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Bugun, 8-iyun kuni o‘tadigan navbatdagi kungi bahslarda -68 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqadigan hamyurtlarimizdan Feruza Esenbayeva ilk bosqichda turkiyalik Buse Chavasoglu bilan ro‘baro‘ keladi.
Musobaqalar 9-iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA