Vengriya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Jizzaxda
Vengriya davlatining oliy o‘quv yurtlari rahbar va professorlaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy o‘quv yurtlari faoliyati bilan tanishish hamda IT sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish maqsadida Jizzax shahriga keldi.
Delegatsiya a’zolari viloyat hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev, viloyat hokimining Raqamlashtirish va investitsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustam Hamdamov hamrohligida dastlab Jizzax viloyatidagi IT-Park hamda viloyat hokimligi anjumanlar saroyi bilan tanishdi.

Mehmonlar Jizzax shahridagi Qozon federal universiteti Jizzax filiali, “Sambhram” universiteti, viloyat markaziy kutubxonasi hamda Bolalar futbol mahorat maktabida bo‘lib, tarbiyalanuvchi, talaba, professor-o‘qituvchilar hamda xizmatchilar bilan suhbatlashdi. Sharof Rashidov tumanidagi “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rishdi.



Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev delegatsiya a’zolari bilan uchrashib, “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan mehmonlarni tanishtirar ekan, bu yerda Xitoy davlati bilan hamkorlikda barpo etilayotgan yangi Texnopark hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga qabul amalga oshiriladigan Test markazi bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri