Velomarafon sog‘lom turmush tarziga chorlaydi
Sirdaryoda o‘tkazilgan “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining viloyat bosqichida 300 dan ziyodhavaskor velopoygachilar ishtirok etdi.
Sirdaryoda o‘tkazilgan “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining viloyat bosqichida 300 dan ziyodhavaskor velopoygachilar ishtirok etdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, madaniyat va sport ishlari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan turnirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. “Kamolot-tur” velomarafoni ham yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yurtimizda velosportni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Uch yosh toifasida o‘tkazilgan musobaqada Guliston shahridagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abdulaziz Haydarov, Sardoba tumani Paxtaobod qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ilhom Iskandarov, Guliston olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchisi Kamoliddin Hikmatullayev birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
“Eng yosh poygachi”, “Eng tajribali poygachi”, “Eng mahoratli texnik poygachi”, “Velopoygachilar oilasi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.