Vazir yoshlarning fikr va takliflarini tingladi
O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov sohada faoliyat yuritayotgan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan bir guruh yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan muloqot davomida mamlakatimizda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ularni ilmiy tadqiqotlarga keng jalb qilish, malakali mutaxassislar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Vazir o‘z so‘zida mamlakatimizda inson kapitaliga investitsiya kiritish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, sohaning kelgusi taraqqiyoti aynan bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va innovatsion yondashuvga ega yosh mutaxassislar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etdi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, ta’lim sifatini oshirish, ishlab chiqarish amaliyotini takomillashtirish, ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda sohada mehnat qilish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi. Savollarga atroflicha javob qaytarilib, bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

Tadbir yakunida faolligi, tashabbuskorligi va soha rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun bir guruh yoshlarga vazirlikning esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA