Vazir Samarqandda sayyor qabul o‘tkazdi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning navbatdagi sayyor qabuli Samarqand shahrida o‘tkazildi.
Yangi o‘quv yili oldidan ta’lim muassasalari rahbar va pedagoglari, tadbirkorlik sub’ektlari va ota-onalarning murojaatlarini eshitish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish maqsadida tashkil etilgan qabulda viloyatga maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari, jamoatchilik vakillari o‘z murojaat va takliflarini bildirdi.

Xususan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish, bog‘cha faoliyatini kengaytirish, pedagoglarning mehnat munosabatlari, ish bilan ta’minlash, ta’lim muassasalaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari, ta’lim tashkilotlari direktorlarining mansab vakolatlariga doir 30 dan ortiq murojaat qayd etildi. Har bir murojaat vazir boshchiligida atroflicha o‘rganilib, qonuniy yechim topishga e’tibor qaratildi. Natijada, 7 ta masala ijobiy hal etildi, 5 tasi bo‘yicha zarur tushuntirish berildi, qolgan murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qabuldan so‘ng maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova viloyatdagi ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari hamda bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan tanishdi.

Jumladan, inklyuziv ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch bog‘cha bo‘lishi belgilangan Samarqand shahridagi 67-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida imkoniyati cheklangan bolalar uchun to‘siqsiz va qulay muhit yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda ta’lim sifati va qamrovini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Bu yerda inklyuziv ta’limning ilg‘or tajribalari joriy etilib, pedagoglar malakasini oshirish, metodik qo‘llab-quvvatlash va boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun namunaviy amaliyot maydoni yaratiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri