Vazir qo‘llab-quvvatlagan tashabbus...
Yurtimizda barcha jabhada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar avvalo inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasi bo‘lishi lozim. Ayni maqsadda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va sohaning qator mutasaddilari Navoiy shahrida bo‘lib turibdi.
Mutasaddilar dastlab Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan «Humo-Zilola Barhayot» professional boshqaruv kompaniyasiga tashrif buyurdi.
Mazkur boshqaruv kompaniyasi jami 101 ta uy, 6 442 ta xonadonga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya o‘zini o‘zi oqlamagan 6 ta shirkatni birlashtirgan holda 2021 yilning avgust oyida faoliyatini tashkil etgan. bugungi kunda 14 560 nafar aholiga 40 ga yaqin xizmat turlarini taqdim qilib kelmoqda.
Vazir boshqaruv tashkiloti xodimlari bilan suhbatlashib, ularning muammolari bilan qiziqdi.
«Humo-Zilola Barhayot» boshqaruv kompaniyasi o‘z hududidagi uy boshqaruvchilari (domkom)larga aholidan kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashlarini targ‘ib qilganliklari, ular orasida tushuntirish ishlarini olib borganliklari uchun majburiy badal (kvartplata)ga 50 foizli chegirmalar berishni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu tashabbusni vazir ham qo‘llab-quvvatladi va mazkur tajribani respublika miqyosida amalga oshirish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Sherzod Hidoyatov «Humo-Zilola Barhayot» BSK boshqaruvidagi ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismida bo‘lib, issiqlik ta’minoti tizimi bilan tanishdi. Aholi xonadonlarida bo‘lib, uylarning issiqlik darajasi, xizmatlarning sifati bo‘yicha qiziqdi.
Aholiga yopiq tizimning afzalliklari, xususan,ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tdi. Shuningdek, kommunal sohani takomillashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aholi fikrlari bilan qiziqdi, takliflarini qabul qildi.
Vazir Sherzod Hidoyatov Navoiy viloyatiga tashrif chog‘ida viloyatning eng uzoq hududlarida sayyor qabul o‘tkazishni hamda «Issiqlik manbai» DUK va zaxira suv ombor rejalashtirgan.
Shahnoza Mamaturopova,O‘zA