Vatanparvar yoshlarni tarbiyalash yo‘lida hamkorlik
Har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli mamlakatimizda islohotlar ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarga tayaniladi.
Davlatimiz rahbari – Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida joriy yilning 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongu shuurini ezgu maqsadlar sari yo‘naltirib, kasb-hunar egallashi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga bir qator topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash kerakki, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi ham Respublikamizning chegaraoldi hududlaridagi umumta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” klublariga a’zo jami 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi yoshlarni qamrab olgan holda, ularni yurtga muhabbat,
harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etib, Chegara qo‘shinlarining shonli va jangovar an’analariga asoslangan holda harbiylikka bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va bosqichma-bosqich tayyorlab borishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur musobaqaning 2024 yilgi mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida DXX Chegara qo‘shinlari tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida tashkil etilgan ishchi guruhi yig‘ilishida Toshkent shahri va viloyati hokimliklari, Madaniyat, Maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Sport hamda Transport vazirliklari, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla uyushmasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining 2023 yilgi mavsumi, unda erishilgan yutuq va natijalar, shu bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sarhisob qilindi. Shundan so‘ng, musobaqani yildan-yilga takomillashtirib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyun kungi “Respublika chegaraoldi shahar va tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” klublari faoliyatini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq, Chegara qo‘shinlari va hamkor vazirliklar o‘rtasida 2023 yil 26 sentyabr kuni imzolangan “Yosh chegarachilar” klublari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik musobaqasini tashkil etish, musobaqa shartlari
va baholash mezonlarini belgilash to‘g‘risida” gi qo‘shma qaror bu yilgi musobaqalarni o‘tkazishda bosh mezon bo‘lib xizmat qilishi haqida ham so‘z yuritildi. Yuqoridagilar bilan bir qatorda, eng chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlarni musobaqalarga keng qamrab olish va buning uchun birgalikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, talab etiladigan kuch va vositalar xususida taklif va mulohazalar bildirildi.
– Quvonarli jihati shundaki, yoshlarimizni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarini tizimlashtirish maqsadida hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch bosqichda o‘tkaziladigan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining huquqiy asoslarini yaratishga muvaffaq bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi harbiy bo‘lim bosh mutaxassisi Nargiza Tojimurotova. – Bugungi yig‘ilishimizda ana shu qarorlar asosida tuman, viloyat va Respublika bosqichlarini yuqori saviyada o‘tkazish, ishchi guruh a’zolari tomonidan joylarga xizmat safarlari uyushtirib, hududiy bosqichlarni nazoratga olish masalasi, ishtirokchilarni munosib taqdirlash, musobaqalarni o‘tkazish jarayonida yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, diqqatga sazovor joylarga tashriflarini uyushtirish, yozuvchi va shoirlar, taniqli san’at namoyandalari bilan uchrashuvlarini o‘tkazish hamda vatanparvarlikka yo‘g‘rilgan filmlarni namoyish etish zarurligi muhokama qilindi. Ishonchim komilki bu yilgi mavsum juda keng qamrovda va yuqori saviyada bo‘lib o‘tadi. Yakunda yig‘ilish ishtirokchilari musobaqalarning barcha bosqichlarida amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan o‘zaro kelishib oldi.
Farida Bobojonova
DXX Chegara qo‘shinlari, mayor