Vatanimiz ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi
Joriy yilning 9-16-avgust kunlari Toshkent shahrida 38-Xalqaro informatika olimpiadasi — IOI 2026 bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston mazkur nufuzli musobaqaga o‘z tarixida ilk bor mezbonlik qiladi. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu xususida batafsil ma’lumot berildi.
So‘nggi yillarda raqamli ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida mamlakatimizning IT ekotizimi jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kunda IT Park rezidentlari soni 3 700 tadan oshgan bo‘lib, ularning 1 000 dan ortig‘ini xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar tashkil etadi.
Rezident kompaniyalarda faoliyat yuritayotganlar soni 2023-yildagi 26,2 ming nafardan 56 ming nafarga yetgan. AKT sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar, jumladan, frilanserlar soni ham 2023-yildagi 53,3 ming nafardan 2026-yilda 181 ming nafarga yetdi.
O‘zbekiston xalqaro reytinglarda ham yuqori natijalarni qayd etmoqda. Dealroom.co platformasining 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, mamlakatimiz venchur investitsiyalarining yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha qariyb 540 foizlik natija bilan dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, O‘zbekiston StartupBlink tomonidan dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biri sifatida e’tirof etilib, “Yil mamlakati” deb topildi. Ushbu natijalar mamlakatimizda raqamli ta’lim, startaplar va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning xalqaro e’tirofidir.
O‘zbekiston “IOI 2026”ga mezbonlik qilish huquqini 2023-yilda qo‘lga kiritgan. “Algoritm” tushunchasiga nom bergan buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy yurtida dunyoning eng iqtidorli yosh dasturchilarini qabul qilish tarixiy va ramziy ahamiyatga ega.
Olimpiadaga 97 dan ortiq mamlakatdan 386 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Delegatsiyalar, xalqaro qo‘mita vakillari, mehmonlar va kuzatuvchilar bilan birgalikda ishtirokchilarning umumiy soni 900 nafardan oshadi. Bu IOI tarixida ishtirokchi mamlakatlar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichdir.
[gallery-30751]
Aytish kerakki, IOI maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli sport dasturlash musobaqalaridan biri hisoblanadi. Unda ishtirokchilar murakkab algoritmik masalalarni yechish, tez va mantiqiy fikrlash bo‘yicha bellashadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasini tayyorlash ishlari 2025-yil noyabrdan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Qozog‘iston, Polsha va Ruminiyadan xalqaro ekspertlar jalb qilinib, 10 ga yaqin o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etildi. O‘quvchilarning texnik tayyorgarligi bilan bir qatorda psixologik tayyorgarligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hududlardan saralangan 100 nafar o‘quvchi orasidan 2 ta milliy terma jamoaga 4 nafardan jami 8 nafar a’zo tanlab olindi.
Mamlakatimiz Xalqaro informatika olimpiadasida ilk bor 2015-yilda qatnashgan. 2025-yilga qadar milliy terma jamoamiz jami bir kumush va to‘rt bronza medalini qo‘lga kiritgan.
IOI 2025-yilda esa O‘zbekiston tarixidagi ilk kumush medal hamda navbatdagi bronza medali qo‘lga kiritildi.
Olimpiadani tashkil etishda xavfsizlik, transport, mehmonlarni kutib olish va joylashtirish, ovqatlanish, texnik infratuzilma hamda madaniy dasturlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. 8 kun davomida Toshkent shahri yosh dasturchilar, murabbiylar va xalqaro ekspertlarning muloqot maydoniga aylanadi.
“IOI 2026” O‘zbekistonning texnologik va ta’lim salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, yoshlarni dasturlash, matematika va STEM yo‘nalishlariga qiziqtirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘.Hayitov (suratlar),
O‘zA muxbirlari