Vatanga sodiq mard, jasur ajdodlar xotirasi mangu yashaydi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati tumanlarida davlat va jamoat tashkilotlari, harbiylar va huquq-tartibot idoralari vakillari, nuroniylar va yoshlar Motamsaro ona monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimizning porloq xotirasini yod etdi.


Angor tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi Qosim Mardonov Ikkinchi jahon urushi yillarida angorlik mard, jasur o‘g‘lonlar ham tinch-osoyishta hayot uchun jang maydonlarida jasorat ko‘rsatib, jon fido qilganini alohida ta’kidladi. Omon qaytgan yigitlar urushdan keyingi tiklanish yillarida mehnat fronti qatnashchilari bilan turli sohalarda fidokorona ishlaganini qayd etdi. Hozir ham o‘zlarining qimmatli maslahatlari bilan Yangi O‘zbekiston yoshlarini Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida ulg‘aytirishga hissa qo‘shayotgan front orti mehnat faxriylariga sog‘lik-salomatlik tilab, chuqur minnatdorlik bildirdi.


Tadbir ishtirokchilari tuman markazidagi Motamsaro ona monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yib, bugungi tinch-totuv, to‘kin va farovon turmushimiz uchun jon fido qilgan ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillari 53 ming 360 dan ortiq surxondaryolik frontga jo‘natilgan. Ularning 11 ming nafari jangu jadallarda jasorat namunalarini ko‘rsatib, mardlarcha halok bo‘lgan. Ayni paytda viloyatda bir nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 500 dan ortiq front orti mehnat faxriysi tinch-to‘kin istiqomat qilmoqda.

Viloyatda bayramoldi xotirlash tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri