Vatanga sadoqat ona tiliga hurmatdan boshlanadi
Bugun yangi O‘zbekiston, yangi Renessans poydevorini barpo etish haqida gapiryapmiz. Bu ezgu maqsadning ro‘yobi, hech shubhasiz, davlat tili – o‘zbek tili qo‘llanilishi bilan bog‘liq.
Xo‘sh, biz asriy qadriyatlarimiz sarchashmasi, milliy tafakkurimiz asosi bo‘lgan ona tilimiz taqdiri haqida nechog‘li qayg‘uryapmiz? Millatdoshlarimiz ona tilining qismati o‘zining, butun bir xalqning qismati ekanini anglayaptimi?
O‘zbek tilida ish yuritishning huquqiy asoslari, amaliy imkoniyatlari va ilmiy negizlari uning rivojlanishini ta’minlay oladimi?
Yurtimizda va xorijda o‘zbek tilini o‘rganishni targ‘ib qilish, darslik, lug‘at va qo‘llanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy o‘qitish uslublarini joriy etishdan davlatimiz va jamiyatimizga qanday manfaat bor?
Global muloqot sharoitida tillarning o‘zaro ta’sirini, ajnabiy so‘zlarning milliy axborot makoniga kirib kelishini tartibga solish kerakmi?
Ha, savollar ko‘p va ular jiddiy.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish va uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati” mavzusida bo‘lib o‘tgan jonli muloqotda ana shunday jiddiy savollarga javob izlandi.

– O‘zbek tilining jahon maydonida, Internet tarmog‘ida munosib o‘rin egallashi yangi milliy kompyuter dasturlarini yaratish masalasi bilan bevosita bog‘liq, – dedi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bo‘lim boshlig‘i Shahobiddin Musayev.
– Albatta, bu borada amaliy ishlar boshlangan. Davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, iqtisodiyot, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot, arxitektura, qishloq xo‘jaligi kabi muhim sohalar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritishga o‘tilgani bu ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo etadi.
Muloqotda ta’kidlanganidek, ayni paytda yurtimizda birinchi navbatda ta’lim-tarbiya jarayonlari va ommaviy axborot vositalari faoliyatining o‘zbek tilida olib borilishi eng muhim jihat hisoblanadi. Zero, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ona tiliga hurmatdan boshlanadi.
N.Usmonova, O‘zA