“Vatanga qasamyod” – muqaddas burch!
Mamlakatimiz tinchligi hamda osoyishtaligini ta’minlashdek mas’uliyatli va sharafli kasb egasi bo‘lishga bel bog‘lagan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti 1-bosqich kursantlari uchun “Vatanga qasamyod” bayram tadbiri tashkil etildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R. Jo‘rayev, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi E. Abdulhakimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Respublika harbiy prokuraturasi mas’ullari, hamkor tashkilotlarning mutasaddilari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etgan marosimda mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” ezgu tamoyiliga asoslangan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi amalda qudratli harakatga aylanganligi ta’kidlandi.


Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz tinchligini ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirish borasida Milliy gvardiya tizimida, xususan, Jamoat xavfsizligi universitetida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi aytib o‘tildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining qarori bilan Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari uchun “Oliy Bosh Qo‘mondon davlat stipendiyasi” hamda “Milliy gvardiya Qo‘mondoni stipendiyasi” joriy qilingani talaba-kursantlarning faoliyatiga yangicha mazmun bag‘ishlayotganligi bildirildi.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Vatanga qasamyod” muqaddas burchligi, bu kun yosh harbiy xizmatchilar hayotida unutilmas yorqin lahzalarni muhrlashi bilan ahamiyatli ekanligi, bayram kursantlarning ota-onalari qalbiga g‘urur bag‘ishlaganligi qayd etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA