Vatandoshim – dildoshim
Badiiy adabiyot inson ruhiyatini go‘zal his-tuyg‘ularga oshno qilganda ijodning qudratini har kim ham idrok etavermasligi mumkin. Aslida mutolaa insonga baxsh etadigan kechinma, go‘zallik, jozibani his qilib, anglab yetishning o‘zi asarning sehrli kuchini namoyon qiladi.
Badiiy asar, she’r o‘qirman qo‘liga kitob holida yetib borishi, sarhad bilmas masofada ham muxlisini topishi esa har qanday davr nigohi bilan qaraganda, alohida voqelik.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan uzoq-yaqin xorijda muqim yashab, ijod qilayotgan vatandoshlarimiz bilan adabiy aloqalar yil sayin kengayib borayotgani ham so‘zimiz isbotidek.

Uyushmada xorijda yashayotgan vatandosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun eng faol, o‘zbek adabiyoti targ‘iboti yo‘lida mehnat qilayotgan shoir-yozuvchilarni jamoaga faxriy a’zo etib qabul qilish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgacha 30 dan ziyod vatandosh ijodkor O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosiga aylandi.
Yaqinda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda chop etilgan “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antalogiyasi”, “Qozog‘iston o‘zbeklarining nomoddiy madaniy merosi”, Uyushma faxriy a’zolari, tojikistonlik o‘zbek shoiri Sayfullo Qulayevning “Yorkitob”, Tojikistonlik bolalar shoiri Sultonmurod Hojiboyevning “Yaxshi bola qanday bo‘ladi?” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu asarlar turli mamlakatlarda yashayotgan o‘zbeklarning adabiy merosi, ma’naviy qadriyati va milliy an’analarini mujassam etgani e’tiborli.

Anjuman doirasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan “Ijodiy ishlar tanlovi sovrindorlari ham taqdirlandi. Tanlovga xorijdagi ijodkor vatandoshlarimiz tomonidan 700 ga yaqin ijodiy ish topshirilgan. Hakamlar hay’ati shular orasidan 90 ga yaqin eng sara namunalarni e’tirof etdi. Mualliflar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

“Tojikiston o‘zbek adabiyoti antalogiyasi” kitobi taqdimoti 2026-yil 23-may kuni Dushanbe shahrida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” loyihasi doirasida o‘tkazilib, tadbirda Uyushma raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Salim Ashur va boshqalar ishtirok etdi.

Shuningdek, Uyushma faxriy a’zolar Ernazar Ro‘zimatovning “Turkiston farzandiman”, Jamshid Primovning “Hayrat suratlari” she’riy to‘plamlarini ham chop ettirdi.
25-26-iyun kunlari Parkent ijod uyida bo‘lib o‘tgan III Xalqaro tarjimonlar forumida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda istiqomat qilayotgan 16 nafar ijodkor – Uyushma faxriy a’zolari, shuningdek zamonaviy o‘zbek tarjimachiligi rivojiga munosib ulush qo‘shib kelayotgan 30 dan ziyod taniqli tarjimon, yoshlar ishtirok etdi.

Forum doirasida “Dunyo adiblari ijodida Amir Temur siymosi” mavzusidagi davra suhbati, “O‘zbek va tojik adabiyotidan tarjima, ikki mamlakat adiblari hamkorligi”, “O‘zbek va qozoq adiblari hamkorligini rivojlantirish”, “O‘zbekiston va Qirg‘izistonning millatdosh adiblari ijodini birgalikda tanitish masalalari” mavzularida sho‘’ba yig‘ilishlari tashkil qilindi. Vatandosh ijodkorlarning “Tojikistonda o‘zbek tilida chop etiluvchi “Sharqnoma” jurnali haqida”, “Qozog‘istonda o‘zbek adabiyoti shakllanishi”, “Aruz vaznidagi she’rlarni tarjima qilishning o‘ziga xos tomonlari”, “Boburnoma”ning qirg‘iz tiliga tarjima qilinishi” , “Qozoq she’riyatini o‘zbek tiliga o‘girishning o‘ziga xos jihatlari” kabi ma’ruzalari tinglandi. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish vazifasi belgilanib, xorijdagi vatandoshlar ijod namunalaridan chop qilingan kitoblar sonini 20 taga yetkazish nazarda tutilgan.

Uyushma ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida kitoblari nashrga tavsiya etiluvchi 20 nafar ijodkor haqida ma’lumot to‘pladi. Shundan so‘ng asarlar qaysi tilda chop etilishi hamda qaysi hududlarda tarqatilishi bo‘yicha Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda “Vatandoshlar” jamoat fondiga axborot yuborilib, muayyan tavsiyalar berildi. Ayni dam Yozuvchilar uyushmasi taqriz va takliflari asosida loyihaning birinchi bosqichi sifatida ro‘yxatdagi ijodkorlardan 5 nafarining kitobi nashrga tayyorlanmoqda. Qolgan 15 adib asarlari ham belgilangan muddatda chop etilishi ko‘zda tutilgan.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA