Vatan himoyasi yigit uchun sharafdir
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun fuqarolarni tanlab olish jarayoni boshlandi. Samarqand viloyatida ham 2027-yilgi navbatdagi chaqiruv mavsumiga tayyorgarlik doirasida chaqiriluvchilarning harbiy xizmatga yaroqliligi, jismoniy tayyorgarligi va boshqa muhim ko‘rsatkichlari belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.
– Viloyatning barcha tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida muddatli harbiy xizmatga yuboriladigan chaqiriluvchilarni tanlab olish hamda ularning jismoniy tayyorgarligini aniqlash bo‘yicha sinovlar 2026-yil 10-avgustdan boshlandi va bu jarayon 2027-yil 10-fevraliga qadar davom etadi, – deydi Samarqand viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Burhon Quvvatov. – Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-iyuldagi 413-son qarori bilan tasdiqlangan “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda Samarqand viloyati hokimining 2026-yil 14-iyuldagi qarorida belgilangan vazifalar asosida tashkil etilmoqda. Tanlov jarayonlarini tanlov kengashi a’zolari, keng jamoatchilik vakillari hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari bevosita kuzatib borishi mumkin.
Nizomga muvofiq, tanlov jarayonida chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun saralash tartibi belgilangan.
Chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi maxsus normativlarni bajarish orqali aniqlanadi. Bunda turnikda tortilish, 100 va 3000 metr masofaga yugurish sinovlari topshiriladi. Ushbu normativlar chaqiriluvchining umumiy jismoniy tayyorgarligi va harbiy xizmatga moslashish imkoniyatlarini baholashda muhim mezonlar hisoblanadi.
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq, tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladi. Chaqiriluvchilar o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Agar chaqiriluvchi ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bo‘lsa, chaqiruv muddati u o‘qishni tamomlaguniga qadar kechiktiriladi. Bundan tashqari, chaqiruv muddatini kechiktirish oilaviy sharoit, salomatlik holati yoki o‘qishni davom ettirish kabi asoslarga ko‘ra tegishli hududiy komissiya qarori bilan amalga oshirilishi mumkin. Chaqiruv muddatini qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha kechiktirish uchun fuqarodan hech qanday to‘lov talab qilinmaydi.
Qonunchilikda harbiy xizmatga chaqirilmaydigan shaxslar toifasi ham belgilangan. Jumladan, javobgarlikka tortilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilgan keyingi islohotlar natijasida ayni paytda muddatli harbiy xizmatga jalb etilganlar xizmat davrida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun imkoniyatlar kengaytirilgan. Ya’ni askar muddatli harbiy xizmatni o‘tash bilan birga ma’lum bir kasb-hunarga ega bo‘lishi va xorijiy tilni o‘rganishi mumkin. Bu esa u xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgach, ishga joylashishi yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan shaxslarga xizmat davridayoq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlarida qatnashish imkoniyati berildi. Ana shu kabi imkoniyat va imtiyozlar tufayli ayni paytda yoshlarda muddatli harbiy xizmatga borish istagi kuchayib bormoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri