Vatan himoyachilarini tarbiyalaydigan maktab
Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi yosh avlodni vatanparvarlik, jasorat va fidoyilik ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Ushbu musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki yoshlarning ma’naviy salohiyati, jismoniy chiniqqanligi va Vatan taqdiriga daxldorlik hissini namoyon etadi. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yoshlarning bilimli, sog‘lom va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishiga bevosita bog‘liq. Shu bois mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda harbiy xizmatga qiziqishini oshirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. “Shijoat va g‘ayrat” musobaqasi ana shunday ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Tadbirda ushbu musobaqa yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, jasorat va g‘urur tuyg‘ularini yanada yuksaltirib, kelajak himoyachilarini tarbiyalashning muhim maktabi ekanligi ta’kidlandi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqada tuman va shaharlardan saralab olingan 15 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar olti shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki harbiy bilim, chaqqonlik, mardlik va jamoaviy hamjihatlik borasidagi imkoniyatlarini ham sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-29762]
Har bir shart ishtirokchilardan qat’iyat, iroda va mas’uliyat talab qildi. Ayniqsa, harbiy-amaliy mashqlar va jamoaviy sinovlar yoshlarning tezkor fikrlashi, to‘g‘ri qaror qabul qilishi hamda murakkab vaziyatlarda o‘zini tuta bilish qobiliyatlarini yanada mustahkamladi.
Musobaqa yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Yoshlar oyligi doirasida o‘tkaziladigan tantanali tadbirda munosib taqdirlanish hamda respublika sharafini keyingi bosqichda himoya qilish huquqiga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.