Vatan dovrug‘ini jahon uzra doston etgan Javohir
Niyati xolisning istagi ijobat bo‘ladi. Darhaqiqat shunday. Mamlakatimizning olov qalb yoshlari o‘tayotgan yilning ortda qolgan deyarli to‘rt oyi davomida o‘nlab xalqaro turnir va chempionatlarda munosib natijalarga erishdi.
Vatanimiz bayrog‘i beshta qit’aning o‘nlab davlatlarida tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda sportchilarimizning g‘alabasi sharafiga yuksalib, madhiyamiz baralla yangradi.
Ular orasida kuni kecha Kiprda poyoniga yetgan “FIDE Nomzodlar turniri – 2026”da hamyurtimiz, yengilmas shaxmatchimiz Javohir Sindorovning rekord ko‘rsatkichlar qayd etgan holda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan onlar xalqimizga o‘zgacha ruhiy kayfiyat bag‘ishlashi bilan birga dunyoga yangi O‘zbekiston imkoniyatlari ne chog‘li kengligini yana bir karra namoyish etdi.
E’tiborli jihati, Nomzodlar turniri taqdirlash marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Javohir Sindorov bilan o‘tkazgan muloqoti butun dunyoga namoyish etilganligi Xalqaro shaxmat federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolarining, nufuzli turnir tashkilotchilarining, Kipr davlati rahbarlarining, xalqaro hamjamiyatning davlatimiz rahbariga, Vatanimizga cheksiz hurmati ifodasi bo‘ldi.
[gallery-28817]
Poytaxtimizda yangidan barpo etilgan “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorovni tantanali kutib olish marosimida ishtirok etgan davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, sport sohasi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, shaxmat muxlislari shu haqda fikr bildirishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, sportchining yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda Davlat madhiyasi yangradi. Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan Javohir Sindorovni "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida Prezident farmoni o‘qib eshittirildi.
Sindorovning g‘alabasi zamirida yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yoshlar tarbiyasiga, ularning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga berilayotgan alohida e’tibor, g‘amxo‘rlik mujassamligi qayd etildi.
Mamlakatimizda shaxmatni keng targ‘ib qilish, yosh avlodning intellektual bilimini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yuqori iqtidorga ega sportchilarni grossmeysterlar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2021 va 2022-yillar davomida qabul qilingan qarorlar, yuqori reytingga ega shaxmatchilarni tayyorlash tizimini yaratdi. Ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yutuqlarimiz yildan-yilga ortishiga omil yaratdi.
Natijada 2022, 2024-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasida, 2025-yilgi jahon kubogi, turli yosh toifalaridagi dunyo birinchiliklarida, xalqaro turnirlardagi ko‘rsatkichlarimiz yanada yaxshilandi.
Jonajon Vatanimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilgan J.Sindorovni kutib olish tadbirida ishtirok etgan O‘zbekiston xalq san’atkorlari, taniqli shoirlar, sportchi va murabbiylar ushbu natija mamlakatimiz shaxmat tarixidagi muhim yutuqlardan biri ekanligini e’tirof etishdi.
Tadbirda so‘z olgan Javohir Sindorov, uning buvisi Jamila Sindorova, taniqli shoir Qo‘chqor Norqobil Kiprda erishilgan tarixiy natija davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli izchil siyosatning mahsuli ekanligini ta’kidlashdi. Qolaversa, ushbu g‘alaba joriy yilning oktabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida, yil so‘ngida Jahon shaxmat toji uchun kechadigan chempionlik musobaqalarida muvaffaqiyatga erishishga munosib ruhiy quvvat bag‘ishlashini bildirishdi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri