Vatan bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarish sharaf
Mamlakatning davlat ramzlari uning mustaqilligini ifodalaydi.
Mamlakatning davlat ramzlari uning mustaqilligini ifodalaydi. Shuning uchun ham bayroq, madhiya hamda gerbni kamsitish qonunda belgilangan tartibda javobgarlik bilan jazolanadi.
– Davlatimiz ramzlaridan biri bo‘lgan bayroq o‘zligimiz, mustaqilligimiz nishoni, xalqaro munosabatlarda respublikamizning timsolidir, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi Marjon Adilova. – Xalqaro maydonda davlatimiz bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining chet davlatlarga safarlarida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, butunjahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida mamlakatimizni tanitadi.
Nukus shahri markazida balandligi 55 metr bo‘lgan, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat bayroqlari hilpirab turibdi. Bugungi kunda jahon sayyohlari diqqat-markazida bo‘lgan I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at muzeyi hamda qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Ajiniyoz haykali yonida o‘rnatilgan ushbu bayroqlar har birimizga cheksiz iftixor, g‘urur bag‘ishlaydi. Bu maydon nafaqat Nukus shahri aholisining, balki mehmonlarning ham sevimli maskaniga aylangan.
– Qaerda, qanday natijalarga erishmaylik Vatanimiz bayrog‘ini e’zozlaymiz, uni ko‘klarga ko‘tarishni farzandlik burchimiz, deb bilamiz, – dedi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Dilmurod Yuldashev. – Chunki bayroq – hurlik timsoli, ezgulik hamda tinchlik ramzi. Ajdodlarimiz yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asragan. Bayroq hamisha odamlarga kuch-qudrat, shijoat bag‘ishlab turadi. Shunday ekan, bayrog‘imiz hamisha baland-balandlarda hilpirayversin!