Vashingtonda yirik o‘rmon yong‘ini: 60 ming odam ko‘chirildi
Vashington shtati Spokane tumanida avj olgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘ini tufayli 60 mingga yaqin aholi uyini tark etishga majbur bo‘ldi. “Reuters” xabariga ko‘ra, olov allaqachon kamida 600 bino va inshootni vayron qilgan.
Shtatning ikkinchi yirik shahri hisoblangan Spokane yaqinidagi yong‘in dam olish kunlari tobora kengayib, atigi bir necha kun ichida 21 kvadrat kilometrdan ziyod maydonni egalladi. Gubernator Bob Fergyuson Prezident Donald Tramp bilan telefon orqali vaziyatni muhokama qilib, ofatga qarshi kurashda federal hukumatdan qo‘shimcha yordam so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari vaziyatdan xabardor bo‘lib, aholi uchun qayg‘urayotganini bildirgan hamda federal ko‘mak ajratilishiga va’da bergan. Bungacha ofat hududiga Milliy gvardiya bo‘linmalari safarbar etilgan edi. Hozir Vashington bo‘ylab yong‘in maydoni 1000 kvadrat kilometrga yetgan, olov o‘choqlarini o‘chirish ishlari hamon davom etmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA