Valyutani tartibga solish va tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari muhokama etildi
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti tomonidan tegishli tarkibiy bo‘linmalar hamda tijorat banklarining tashqi iqtisodiy faoliyat va valyuta operatsiyalari yo‘nalishida faoliyat yurituvchi mutaxassislari ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda Markaziy bankning valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti mas’ul xodimlari Sarvar Otanazarov, Oybek Norboyev, Javohir Abduxoliqov xorijiy davlatlarga eksport amaliyotlarini bajarib, yurtimiz iqtisodiyotiga naf keltirayotgan ishbilarmonlarga valyuta xizmatlari ko‘rsatishda uchrayotgan dolzarb masalalar muhokama qilinib, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

Markaziy bankning Namangan viloyati bosh boshqarmasida o‘tkazilgan anjumanda valyuta operatsiyalarini tartibga soluvchi qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar, normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llash tartibi, shikastlangan hamda muomalaga yaroqsiz xorijiy valyuta banknotalarini qabul qilish va inkassoga rasmiylashtirish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Seminar doirasida Namangan viloyatida eksportyor, ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari bilan ham ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda tadbirkorlarga davlat tomonidan yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar atroflicha muhokama qilinib, ularning amaliy yechimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Seminar yakunida, qatnashchilar qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Bu kabi amaliy tadbirlarning ahamiyati yuqori ekanligi alohida qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.