Vakolatli iqtisodiy operatorlarga berilayotgan imkoniyatlar kengaymoqda
Joriy yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ochiq muloqotda belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosi doirasida Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega hamda mazkur maqomni qo‘lga kiritish istagidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan kengaytirilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Toshkent shahridagi tadbirkorlar bevosita asosiy zaldan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi tadbirkorlar esa onlayn tarzda ishtirok etdi. Davra suhbatida umumiy hisobda 300 nafardan ziyodtadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashdi.
Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Pardayevning ta’kidlashicha, hozirda respublikamizda vakolatli iqtisodiy operator maqomini qo‘lga kiritgan 82 ta tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi mavjud.

—Joriy yilning o‘zida ularning 14,7 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalari ustuvor va soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, — deydi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov. — Vakolatli iqtisodiy operatorlarga yil boshidan buyon 600 milliard so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlarini kechiktirib va bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etildi. Shuningdek, ushbu maqomni qo‘lga kiritgan tadbirkorlarning 61 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi tovarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z omborlariga tushirish imkoniyati taqdim etildi.

Yig‘ilishda mazkur maqomni qo‘lga kiritish tadbirkorlarga qanday imkoniyat va yengilliklarni taqdim etishi haqida batafsil axborot berildi. Vakolatli iqtisodiy operatorlarning tovarlarini rasmiylashtirishda Xavfni boshqarish tizimida belgilangan eng kam bojxona nazorati shakllari qo‘llaniladi. Ular bojxona to‘lovi ta’minotisiz tovarlarni tashish, o‘z omboriga joylashtirish, to‘lovlarni 60 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib to‘lash, tovarlarni deklaratsiya taqdim etilgunga qadar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Davra suhbatida ushbu eksklyuziv huquqlardan foydalanish uchun tadbirkorlar vakolatli iqtisodiy operator maqomini qo‘lga kiritishga harakat qilishlari yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Tadbirda Prezidentimizning “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va Hukumatning joriy yil 22 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi to‘g‘risida”gi Nizomning mazmun-mohiyati ham batafsil tushuntirib berildi.
Ushbu qaror bilan bojxona hududida va hududidan tashqarida qayta ishlash taqiqlangan tovarlar ro‘yxati (tranzit olib o‘tilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar, uran va boshqa radioaktiv moddalar, kaolin va kvars qumi) ham tasdiqlandi.
Yangi nizomga ko‘ra, olib kelinadigan chet el tovarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish ob’ektiga olib ketishga ruxsat berildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA