Vahimaga berilma, ogoh boʻlaylik
Xitoyda tarqalgan koronavirus ayni vaqtda butun dunyoga xavf solmoqda.
Xitoyda tarqalgan koronavirus ayni vaqtda butun dunyoga xavf solmoqda. Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha, ayniqsa aholi gavjum joylarda ehtiyot choralarini koʻrishimiz zarur.
Bugungi kunda, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini taʼminlash maqsadida tashqaridan koronavirus va boshqa oʻta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishini oldini olish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida muvofiqlashtirish shtabi tashkil etilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini taʼminlash markazining hududiy boʻlimlarida jami 34 mutaxassisdan iborat 17 dezinfeksiya guruhlari tuzilgan, mazkur guruhlar zarur vosita va jihozlar, maxsus avtomashinalar bilan taʼminlangan boʻlib, zarurat boʻlganda faoliyat olib borish uchun shay holatga keltirilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yuqumli kasalliklar, jumladan COVID19 infeksiyasining kirib kelishining oldini olish maqsadida, davlatimiz chegaralaridagi 3 ta bojxona postlarida sanitariya-karantin punktlari (SKP) ish olib bormoqda.Bojxona postlari orqali chet el fuqarolarining respublikamiz hududidan chiqib ketishlari va Oʻzbekiston fuqarolarining yurtimizga kirishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga chalinmaslik, uning tarqalishini oldini olish boʻyicha aholining bilim va tushunchalarini boyitish, shuningdek, asossiz, yolgʻon, insonlarni sarosimaga soluvchi maʼlumotlar, turli mish-mishlar tarqalishining oldini olish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi413 ta mahallaning har birida mahalla raislari, mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari, deputatlar, mahalla faollaridan iborat Ishchi guruhlari tuzildi. Guruh aʼzolari tomonidan, koronavirus virus infeksiyasining kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha zarur barcha choralar koʻrilmoqda.
Koronavirus tufayli Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham taʼlim muassasalari faoliyati, ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi vaqtincha toʻxtatildi. Lekin ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot, muassasalar, bozorlar savdo majmualari, doʻkonlar, jamoat transporti bir maromda ishlamoqda.
Bu borada qatʼiy reja asosida ishlarni tizimli tashkil etish va targʻibot-tushuntirish ishlari olib borish kutilgan natijalarni beradi.
Shu bois, vahimaga berilmay, barchamiz ushbu infeksiyaning yuqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha hushyor boʻlib, ehtiyot choralarini koʻrishimiz zarur.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan yurtimizdagi musulmonlarga murojaatida, janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda oʻqilsin.
Yana fatvoda, bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish sharʼan haromdir”, degan Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov.
Shu maqsadda, aholi aynan, karantin davrida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilish joylarida Sogʻliqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlarini oʻtkazish, aholi oʻrtasida tozalik va gigiyenaga rioya etish ishlarini amalga oshirishimiz va imkon qadar toʻylar, oilaviy tantanalarni vaqtinchalik qisqartirish yoki toʻxtatishimiz orqali, kasallik tarqalishining oldini olishga oʻz hissalarimizni qoʻshgan boʻlar edi.
Aziz yurtdoshlar, muhtaram opa-singillar va aka-ukalar. Bu holat vaqtinchalik boʻlib, epidemiologik holat barqarorlashganidan soʻng, toʻylarni,oilaviy tantanalarni va jamoat boʻlib, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni davom ettiramiz.
Sagʻindiq Turmanov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri