Vahima tarqatish — xoinlik bilan barobar
Shu kunlarda dunyo ahli nihoyatda ogʻriqli damlarni boshdan kechiryapti.
Shu kunlarda dunyo ahli nihoyatda ogʻriqli damlarni boshdan kechiryapti. Ayniqsa, koʻhna qitʼadagi epidemiologik holat yevropaliklarni tom maʼnoda tahlikaga solib qoʻydi. Italiya, Ispaniya, Germaniya va hatto AQSH singari yetakchi davlatlarda koronavirusga yengil-yelpi qaralgani, fuqarolar erkinligini cheklash inson huquqlarini poymol qilish tarzida baholangani natijasida vujudga kelgan vaziyat chindan ham ogʻir. Xitoy va koreys xalqining vazminlik, mulohazakorlik va albatta tartib-intizomga qatʼiy rioya qilishi natijasida esa, aksincha, koronavirus pandemiyasini yengish mumkinligi isbotlanyapti.
Pandemiya bilan bogʻliq maʼlumotlar tahlili ham vaziyatni real baholash va tizimli choralar koʻrish orqaligina uni jilovlash mumkinligini koʻrsatmoqda. Shu oʻrinda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan tashkil qilingan respublika maxsus komissiyasining infeksiya respublikamizning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilgan keskin qaror va choralarini faqatgina qoʻllab-quvvatlash mumkin.
Maʼlumotlarga qaraganda, dunyo boʻyicha 350 mingga yaqin kishi koronavirusni yuqtirib olgan. Eng yomoni ulardan 14606 nafari vafot etgan. 96 mingga yaqin kishi sogʻaygan. Birgina Ispaniyada koronavirus bilan ogʻrigan bemorlar soni 33 mingdan oshgan, vafot etganlar soni esa 2 182 nafarni tashkil qilgan. Ayni kunlarda koronavirus “oʻchogʻi” deya eʼtirof etilayotgan Italiya vafot etganlar soni boʻyicha Xitoydan ham oʻtib ketdi: oʻlim soni 3 405dan ortdi.
Ming afsuski, Oʻzbekistonda ham koronavirus yuqtirganlar soni 50 nafarga yetgani aytilmoqda. Ichki ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 27-fevralidan 22-martiga qadar respublikaga chegara orqali kirib kelgan 837 ming nafar fuqaro birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Epidemik vaziyat noxush boʻlgan davlatlardan kelgan 19479 nafar shaxs esa 14 kunlik tibbiy karantinga olingan.
Bugunga kelib, ularning 6748 nafariga nisbatan karantin tartibi bekor qilingan. Qolgan 12731 nafari tibbiy kuzatuvda qolmoqda. Ulardan 7416 nafari tibbiyot maskanlarida, 5315 nafari esa uy sharoitida kuzatilmoqda.
Albatta, koronavirus bilan bogʻliq koʻrsatkichlarni Yevropa davlatlariniki bilan taqqoslasak biroz boʻlsa-da xotirjam boʻlishimiz mumkin. Ammo mutaxassislar koronavirusning asosiy tashuvchisi oʻzimiz ekanimizni toʻla anglab yetmayotganimiz qimmatga tushishi mumkinligini qayta-qayta uqtirmoqdalar.
Ikki karra ikkidek oddiy misol: karantin markazidan qochgan surxondaryolik A.Ashurovning kaltabinligi oqibatida, u bilan muloqotda boʻlgan 8 nafar oila aʼzolari karantinga olingan. Toshkent viloyati Parkent tumanida yashovchi T.Eshovning “aql”liligi sabab esa 6 nafar oila aʼzosi endi karantinda jon saqlashga majbur. Kim yutdi-yu, kim yutqazdi bunday beʼmani xatti-harakatlardan?
Ochigʻini aytish kerak: har qancha murakkab boʻlmasin, Prezidentimiz qarori bilan xorijdagi vatandoshlarimiz yurtimizga qaytarilmoqda. Ularni charter reyslar orqali olib kelish ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan 24-27-mart kunlari Moskva shahridan 1 tadan jami 4 ta reys (RF mahalliy vaqti boʻyicha soat 17:00da), Turkiyaning Istanbul shahridan 24 hamda 27-mart kunlari 2 ta reys (Turkiyaning mahalliy vaqti boʻyicha soat 23:00da), shuningdek, Koreyaning Seul shahridan 29-mart kuni charter reys (vaqti aniqlanmoqda) amalga oshiriladi.
Kelgusi haftada ham Moskva, Sankt-Peterburg, Turkiyaning Istanbul, BAAning Dubay shaharlaridan charter reyslari orqali fuqarolarimizni olib kelish rejalashtirilgan. Xorijdan kelayotganlar uchun imkon qadar qulay sharoitlar yaratilyapti. Ammo ayrim karantindagi fuqarolarning binolardagi tartibsizliklar, hatto mebellar ustidagi changni tasvirga olib, butun dunyoga namoyish qilayotganlarini ham koʻryapmiz.
Ha, anchadan beri foydalanilmagan oromgohlar, moslashtirilgan binolar tezdan ochilib, ishga tushirildi. Kamchiliklar bordir. Ammo burnidan nariyogʻini koʻrmayotgan bunday kimsalar shunday xatti-harakatlari bilan oʻz yurtini sharmanda qilishga urinayotganini tushinayaptimikan?
Ana shunday kayfiyatdagi boshqa bir dinidan chiqqanlar, shu yurt nonini yeb, dasturxoniga oyoq bosayotgan nonkoʻrlar esa vahimali xabarlar tarqatib vaziyatni murakkablashtirishga urinmoqdalar. Ularning xatti-harakatlari esa urush davridagi xoinning xatti-harakatiga oʻxshaydi, aslida.
Toʻgʻri, xalqimiz bundan-da ming karra ogʻir kunlarni, oʻlat va boshqa vabolarni boshdan kechirgan. Mehnatkash, sabr-bardoshli yurtdoshlarimiz ushbu ogʻirchiliklarni ham Xudoning bir sinovi sifatida qabul qilmoqdalar.
Ammo har qancha oʻzimizni oqlamaylik, aynan bugunga kelib, atrofimizga teranroq koʻz bilan qaraydigan kun kelganini anglashimiz kerak. Davlat 10 trillion ajratgani bu virus batamom yoʻq boʻlib qoladi, degani emas. Ellik, yuz trillion sarflanganida ham tibbiyot xodimlari talabiga boʻysunmasak, hech qanday foyda bermaydi.
Virus chiqqan joydan boshqa joyga bormaslik, shuningdek, virus chiqqan joyga ham kirmaslik kerakligi aytilyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda “Uyda qoling” aksiyasi davom ettirilmoqda. Niqob taqing, demoqda mutaxassislar. Ammo biz yana oʻzbekchilikka borib, qoʻni-qoʻshni, qarindoshlar bilan achom-achom qilyapmiz. Niqobsiz yurganlar jarimaga tortiladi, deb qayta-qayta uqtirilsa-da, oʻzimizni qoʻrqmas qilib koʻrsatyapmiz. Bu farzandingiz, ota-onangiz va atrofingizdagilarga dushmanlik qilishdan boshqa narsa emas.
Toʻy-maʼrakalar toʻxtatildi, bunday qarorlarni qoʻllaymiz. Ammo baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilayotganidek, Toshkent shahri koʻchalari huvillab qolgani yoʻq. Bu “Uyda qol” daʼvatini hamma ham birdek tushunmayotganini anglatadi. Kimdir oʻz telegram kanalida “Zanjirni uz, uyda qol” degan gapni yozib qoldiribdi. Bundan ortiq yana qanday daʼvat kerak bizga...
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, bugun biz ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz, yaʼni keksalarga hurmat, yoshlarga esa madad koʻrsatish orqaligina bugungi sinovli kunlardan oʻtishimiz mumkin.
Mutaxassislar kechadan beri virus yuqtirgan dastlabki bemorlar sogʻaya boshlaganini eʼlon qilishyapti. Bu vahimaga oʻrin yoʻqligini anglatadi. Ammo qatʼiy intizom, tartiblarga amal qilsakkina, Xudoyim uzogʻiga suyuntiradi. Biz birgalikda har qanday sinovni kuchga, qoʻrquvni esa iymonga aylantirishga qodir xalqmiz. Uyda qolib, yaqinlaringizni, qoʻni-qoʻshningizni, jamiyatni qutqaring, degan daʼvatlar quruq gap emasligini yodda tutaylik. Zero, bugun barchamiz “BIRMIZ! QALBAN BIRGAMIZ!”
Mirodil ABDURAHMONOV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi oʻrinbosari