Uzumchilikni rivojlantirish yo‘lida
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda asosiy e’tibor Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalarga qaratildi.
Mamlakatimiz hududlarida sanoatbop uzumzorlarni ko‘paytirish, texnik uzum maydonlarini kengaytirish, jahon bozorida katta talabga ega bo‘lgan, mashhur va istiqbolli uzum navlarini yetishtirish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining qarori bo‘yicha bajarilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
– Qaror bilan 2019-2021 yillarda jami 32,4 ming gektar maydonda yangi tokzor barpo etish rejasi tasdiqlanib, shundan joriy yilda 8,3 ming gektar yer maydonida tok ekish rejalashtirilgan, – deydi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Nizomiddin Vapaev. – Bugunga kelib hududlarda 141 tashabbuskor tomonidan 9 ming 991 gektar yer maydoni tokzorga aylantirildi. Ularni suv bilan ta’minlash maqsadida 229 dona artezan qudug‘i o‘rnatildi. Buning uchun Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 27,7 milliard so‘m va 8 ming 345 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish maqsadida 66,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratiladigan bo‘ldi.
Matbuot anjumanida tegishli korxona va tashkilot xodimlari, mutaxassislar, fermerlar tizimdagi o‘zgarishlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Xo‘jaligimiz ko‘ptarmoqli bo‘lgani uchun 2016 yilda 200 gektardan ziyod yer maydonida uzumzor barpo qilganmiz, – deydi Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Safarboy Tirkashev” fermer xo‘jaligi rahbari O‘ktam Xonnazarov, – Hududimiz dashtlikda joylashgani uchun asosiy muammo suv tanqisligi hisoblanadi. Shu tufayli ko‘plab maydonlardan unumli foydalana olmayotgan edik. Qaror qabul qilingani men kabi ko‘plab fermerlarga qulaylik yaratdi. Agentlik tomonidan 140 gektar uzumzorni yomg‘irlatib sug‘oruvchi texnologiyani joriy qilish uchun 1 milliard 600 million so‘m subsidiya ajratildi. Natijada yuqori hosil olish va suv tejamkorligiga erishdik. Hozir parvarishlanayotgan 3 xil navdagi uzum ko‘chatlarimizni ko‘rgan kishining havasi keladi. Yetishtirayotgan mahsulotimiz xo‘jaligimizga qarashli qayta ishlovchi sexga topshiriladi.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda vinochilik sohasida 40 ta qayta ishlovchi sanoat korxonasi mavjud bo‘lib, mavsumda 202,8 ming tonna uzum xom ashyosini qabul qilish quvvatiga ega. So‘nggi yillarda mazkur korxonalarga qarashli 19 ta vino punktda Italiya, Bolgariya, Moldova va boshqa davlatlarning zamonaviy uzumni birlamchi qayta ishlash texnologik uskunalari o‘rnatilgani sohada muhim ahamiyat kasb etdi. 2018 yilda 153,3 ming tonna uzum qayta ishlandi. Joriy yil mavsumida 160 ming tonna uzum xom ashyosi qayta ishlanishi kutilmoqda.
Tadbirda sohaga oid yangiliklar, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.