Uzoq yillik muammo hal bo‘ladi
Jizzax viloyatining Zomin tumani “Turkman” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Beshbuloq” qishlog‘i aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Bir necha yillardan buyon “Beshbuloq” qishlog‘i aholisi ichimlik suvni bir necha chaqirimdan tashib, sotib olib iste’mol qilib kelayotgan edi.
Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida ushbu qishloq aholisi muammosini hal etish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori “Turkman” MFY hududidagi “Beshbuloq” aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish muddatini ikki barobarga tezlashtirdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

bugungi kunda pudratchi qurilish tashkiloti tomonidan suv tarmog‘i uchun chuqur qazilib, suv quvurlarini tortish, montaj qilish ishlari boshlab yuborildi. Ayni paytda, ushbu loyiha doirasida 15 kilometrdan ortiq masofaga suv quvurlari yotqizish uchun chuqur qazilib, yangi tarmoq tortiladi.

Ana shu xayrli ishlar mamlakatimiz Bosh Qomusi – Konstitutsiya qabul qilingan kun arafasida yakuniga yetkazilib, “Beshbuloq”da istiqomat qiluvchi 4 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgan.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA