“Uzbekistan Airways” rahbariyati Namanganda ochiq muloqot o‘tkazdi
"Uzbekistan Airways" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining tijorat va turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Yodgorov hamda kompaniyaning boshqa tegishli mutasaddi xodimlari xalq bilan muloqot muntazamligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tinglash maqsadida Namanganda sayyor qabul o‘tkazdi.
Davlatobod tumanidagi “Atour” mehmonxonasida tashkil etilgan tadbir aviakompaniyaning jamoatchilik va bozorning professional ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti uchun muhim maydonga aylandi. Uchrashuvda viloyat transport boshqarmasi, viloyat turizm boshqarmasi, sayyohlik kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda namanganlik faol yoshlar ishtirok etdi.
Dastavval, "Uzbekistan Airways"ning Namangan xalqaro aeroportidan amalga oshirayotgan qatnovlari haqida batafsil ma’lumot berildi. 2026-yil avgust oyi holatiga ko‘ra, vodiy havo darvozasi orqali Rossiya Federatsiyasi shaharlari hamda Hindistonga haftasiga jami 26 ta qatnov amalga oshirilib, parvozlarning 20 tasi xalqaro, oltitasi mahalliy reyslarga to‘g‘ri kelmoqda. Eng ko‘p havo bortlari Moskva shahriga uchirilgan.
Sayyor qabulning muhim qismi sayyohlik agentliklari bilan konstruktiv suhbat bo‘ldi. Turistik firmalar vakillarining murojaatlarida aviatashuvlarda xizmat sifatini yanada oshirish uchun qo‘shimcha pullik xizmatlarni joriy etish, turoperatorlarini depozitdagi mablag‘laridan foydalanish huquqini berish, xalqaro turistik anjumanlar vaqtida Samarqand va Toshkentdan Namanganga reyslarni yo‘lga qo‘yish, ichki turizm rivojida muhim o‘rin tutadigan yurtimiz shaharlari bo‘ylab qatnovlarni ko‘paytirish, ayrim yo‘nalishda qo‘yilgan reyslarning nomutanosibligini tartibga solish, yo‘lovchilarni reyslardan avval qo‘yilgan taqiqlar haqida rasmiy ogohlantirishlar yuborish kabi dolzarb masalalar bildirildi.
Bundan tashqari, Namangan xalqaro aeroportida reys chiptalarini rasmiylashtirish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolar o‘rtaga tashlanib, unga aniq yechim topish lozimligi ta’kidlandi.
[gallery-31047]
– Biz sayyohlik agentliklari uchun mana shunday shakldagi muloqotlar faoliyatimiz samaradorligida alohida o‘ringa ega, – deydi “Ko‘ksaroy turizm” kompaniyasi rahbari Ibrohim Bahromov. – “Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi vakillari bilan turistlarimizni yurtimizning qadimiy shaharlari bo‘ylab ziyorat turlarini tashkillashtirish vaqtida qatnovlarda yuzaga kelayotgan muammolarini hal qilib oldik. Toshkent, Samarqand, Urganch, Buxoro kabi shaharlar bo‘ylab qatnovlar uchun chiptalarni oldindan buyurtma qilish masalasiga kelishuvga erishdik.
Muloqot davomida, aviakompaniya hamda turli firmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning nozik jihatlari, dolzarb tijorat jarayonlari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma ishlar istiqbollari muhokama qilindi.
Qolaversa, tadbirda tegishli mutaxassislar aviakompaniya tomonidan e’lon qilingan bort kuzatuvchisiga ishga qabul qilish tanlovi haqida bafurja to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etish joizki, mamlakatimiz hududlarida doimiy sayyor qabullar o‘tkazilishi “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining shaffoflik va mijozlarga yo‘naltirilganlik tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.