Ustozlarni birlashtirgan musobaqa
Namanganda yurtimiz umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasiga start berildi.
Mamlakatimiz miqyosidagi uch bosqichli vazir kubogi musobaqasining hal qiluvchi final bosqichi Yangi Namangan tumanidagi “Pahlavon” sport majmuasida tashkil etilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan saralangan 14 ta jamoa g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashmoqda.

Musobaqa boshlanishidan avval, ishtirokchi jamoalar Namangan viloyatining tarixiy ziyoratgohlari va diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi. Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon to‘ra Ibrat yodgorlik majmuasi, ikki ming yillik tarixdan so‘zlovchi Axsikent arxeologik parki, Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i bo‘ylab sayohat ustoz-muallimlarda iliq taassurot qoldirdi.

Turnirning tantanali ochilish marosimida respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, o‘qituvchilarning ta’til vaqtini maroqli o‘tkazishga xizmat qiluvchi “Vazir kubogi” shunchaki musobaqa emas, balki ustozlarni bir joyga jamlash, ular o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni mustahkamlashda ahamiyati beqiyosligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, shu yilning aprel oylarida uyushtirilgan musobaqaning shahar, tuman bosqichlarida 14 ming 52 ta’lim muassasasidan jami 110 ming 452 ayol-xodim ishtirok etdi. May oyida bo‘lgan hududiy bosqichlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimizdan 1 ming 664 nafar ishtirokchi bellashdi. Ular orasidan saralangan 112 nafar havaskor voleybolchi pedagog o‘z maktabining 14 ta jamoasi tarkibida hududi sharafini himoya qilmoqda. Musobaqani adolatli va xolis bo‘lishini Sport vazirligi mas’ul xodimi, xalqaro toifadagi hakam Nargiza Usmonova boshchiligidagi sakkiz nafar hakam kuzatib bormoqda.


Olimpiya tizimi qoidalari asosida o‘tayotgan musobaqada ishtirokchilar “A” va “B” guruhlariga qur’a asosida bo‘lingan holda bahslashmoqda. Dastavval, Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabi hamda Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabi jamoalari musobaqani boshlab berdi. Bellashuvda yuksak mahorat ko‘rsatgan xorazmlik muallimlar ikki partiyada ham zafar quchdi.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 16-sonli umumta’lim maktabi jamoasi Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi 58-maktab jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Ushbu bellashuvda 34 yillik ish tajribasiga ega Ilhomjon Turdiyev murabbiyligidagi yangiqo‘rg‘onlik voleybolchi ayollarning qo‘li baland keldi. Hisob 2:0.
Ta’kidlash joizki, “Vazir kubogi”ning respublika bosqichida shohsupaga ko‘tariladigan jamoalar pul mukofotlari hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa “Damas” avtomashinasi bilan taqdirlanadi.
Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslar ostida davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri