Ustoziga uy sovg‘a qilgan chempion bilan suhbat
Jahon sport maydonlarida Vatanimiz sport sha’nini ulug‘lab, xalqimizning g‘ururini yuksaltirib kelayotgan iste’dodli sportchilar orasida dzyudo bo‘yicha jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Davlat Bobonovning o‘z o‘rni bor.
Samarqand sport maktabida kamolga yetib, bugungi kunda jahon dzyudosining eng nomdorlaridan biri darajasiga erishgan Bobonovning sportga kirib kelishi, uning yana qaysi sport turlariga qiziqishi, orzu-niyatlari, ustozlariga bo‘lgan munosabati, kelgusi sport rejalari, "Parij-2024" Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlari ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak.
Davlat Bobonov bilan o‘tkazgan suhbatimiz davomida shu va boshqa bir qator savollarga javob oldik.
– O‘tgan yil hayotingizda qanday iz qoldirdi? Qaysi musobaqalardan xursand bo‘ldingizu, qaysi birlari siz uchun omadsizroq o‘tdi?
– 2023 yilgi sport faoliyatim, to‘g‘risini aytsam, yorqin xotiralarga boy bo‘ldi, deya olmayman. Sababi, 2023 yilda jarohatlar ko‘p bo‘ldi. Shu sabab ko‘plab musobaqalarda qatnashishimga shifokorlar tomonidan ruxsat bo‘lmadi. Qatnashganlarimda ham kerakli natijalarga erisha olmadim.
– Faoliyatingiz mobaynida qaysi dzyudochi bilan o‘tkazgan kurashingiz eng qiyin bellashuv bo‘ldi, deya olasiz?
– Umuman aytganda bitta raqib bilan kechgan bahsni qiyin bo‘ldi, deb ayta olmayman. Dzyudo sportida finalgacha bo‘lgan har bir bellashuvning o‘zi alohida, ta’bir joiz bo‘lsa, eng kulminatsion bellashuv hisoblanadi. Bilasiz, musobaqa jarayonida saralashdan to ma’lum bir darajaga chiqishgacha bo‘lgan kurash ruhiy, jismoniy, texnik-taktik jihatdan final darajasidagi bahs hisoblanadi. Shu ma’noda, katta musobaqalardagi biron bir raqibimni alohida ko‘rsata olmayman. Har biri o‘ziga xos uslubga, taktikaga ega bo‘lgan sportchilar.
– Sport faoliyatingiz mobaynida dunyoning ko‘plab kuchli dzyudochilari bilan bellashgansiz. Ular orasida kimlarni jahonning eng professional dzyudochilari, deb bilasiz?
– Bugungi kunda yakkakurash sport turlari olamida dzyudo juda ommalashib ketdi. Hozirda Xalqaro dzyudo federatsiyasi reytingiga e’tibor qaratsangiz har bir vaznda ko‘plab kuchli, mahoratli sportchilarni ko‘rishingiz mumkin. O‘z vaznida reytingdan joy olgan barcha sportchilar kuchli hisoblanadi. Lekin kuchlilik emas, aynan mahorat borasida Yaponiya, Gruziya va Rossiya sportchilari professionallik borasida yetakchi, deb o‘ylayman.
– Tokio olimpiadasidan keyin ustozingizga uy sovg‘a qilganingiz haqida xabarlar tarqalgandi. Ustozingizga uy sovg‘a qilish fikri qanday paydo bo‘lgan?
– Tokio olimpiadasidan keyin ustozim Nurali Qobulovga uy sovg‘a qilganim rost. Lekin buni ko‘pchilikka ko‘z-ko‘z qilish uchun qilmaganman. Tokio Olimpiadasining dzyudo musobaqalari yakunlangandan keyin o‘yladim, shuncha yo‘lni bosib o‘tishimda ustozim Nurali Qobilovning xizmatlari katta. Nima qilsam u kishini xursand qilaman? Shunda hayolimga uy sovg‘a qilish fikri kelgan. Buni esa musobaqadan O‘zbekistonga qaytganimdan keyin amalga oshirdim. Bir paytlari dzyudo sportidan ketmoqchi bo‘lganimda ustozim meni dzyudoda olib qolgan, shug‘ullanishim, kerakli natijalarga erishishimda katta ruhiy quvvat, dalda bergan. Bugungi kungacha qanday yutuqqa erishgan bo‘lsam ularda ustozimning munosib hissasi bor. Shu o‘rinda aytishim kerakki, bugungi kunda mamlakatimiz sportchilarining, xususan biz dzyudochilarning xalqaro musobaqalarda qatnashishimiz uchun davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berilayotgani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy qo‘llab-quvvatlashi yutuqlarga erishishimizga zamin bo‘lmoqda. Qolaversa, Qobulov singari ko‘plab fidoyi murabbiylarning izlanishi, professionalligi yangi-yangi chempionlar kashf etilishiga olib kelmoqda. Yuqorida aytganimdek, agar ustozim meni qo‘llab-quvvatlamaganda, dalda bermaganda bugungi natijalarim ham bo‘lmasdi.
– Dzyudo sportini tashlab ketish to‘g‘risida gapirdingiz. Boshqa sport turida o‘zingizni sinab ko‘rish niyatingiz bormidi?
– Yo‘q, bunday niyat hech qachon bo‘lmagan. Boshqa sport turida o‘zimni tasavvur qila olmayman. To‘g‘risini aytsam, kichkinaligimdan boshqa sport turida shug‘ullanmaganman. 7-sinfda o‘qib yurganimdan boshlab dzyudo mashg‘ulotlariga qatnay boshlaganman.
– Samarqand sport maktabida tahsil olgansiz. Maktabni qayerda o‘qigansiz, yoshlikdagi do‘stlaringiz bilan suhbatlashib turasizmi?
– Nurota tumanida tug‘ilganman. Bir yoshimda uydagilar Toshkentga ko‘chib kelishgan. Shundan beri poytaxtdamiz. Toshkentdagi 243-maktabda tahsil olganman. 6-sinfgacha Olmazor tumanidagi ushbu maktabda o‘qiganman. 7-sinfimdan Samarqanddagi Olimpiya zaxiralari bilim yurtida o‘qidim. Dzyudo bilan jiddiy shug‘ullanishim shundan boshlangan. Maktabdagi, sport kollejidagi do‘stlarim bilan hozir ham ko‘rishib turamiz, albatta.
– Mamlakatimizda dzyudoda katta natijalarga erishgan ko‘plab sportchilar, albatta, kurash bilan shug‘ullangan, kurash musobaqalarida ishtirok etgan. Sizning kurash sportiga munosabatingiz qanday?
– Oldin ham aytganman, hozir ham aytaman. Dzyudo Olimpiya sport turi sifatida dunyoda yetakchi sport turi hisoblanadi. Lekin kurash bu, bizning milliy sportimiz. U doimo yurtimiz sportchilari orasida birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. O‘zim dzyudochi bo‘lsam ham, rasmiy katta kurash musobaqalarida qatnashmagan bo‘lsam ham kurashni yaxshi ko‘raman. Kurash – milliy sport brendimiz. Uni rivojlantirish, xalqaro maydonda ommalashtirishni mamlakatimizni jahon maydonida ulug‘lash degani deb, bilaman.
– Xalqimiz orasida to‘y va sayllarda ko‘plab kurash musobaqalari o‘tkaziladi. Shunday musobaqalarda qatnashganmisiz? Qatnashgan bo‘lsangiz qanday sovrinlarni yutgansiz? Qaysi kurashchilar bilan bellashgansiz?
– O‘zbekman degan yigit borki, to‘y va sayllarda kurash maydoniga hech bo‘lmasa bir marta chiqqan yoki uloq ko‘pkari chopgan. Albatta, men ham to‘y kurashlarida qatnashganman. Birinchi, ikkinchi tovoqlarga da’vogarlik qilganman. Lekin to‘y kurash gilamdagi kurash, tatamidagi dzyudodan tubdan farq qiladi. To‘y kurashilarida ro‘y beradigan g‘irromliklar, nohaqliklar, kelishuv asosidagi bellashuvlarga ba’zan guvoh bo‘lganman. Shuning uchun sayl va to‘y kurashlariga deyarli chiqmayman.
– Joriy yilning eng muhim musobaqasi Olimpiada, yana qaysi xalqaro musobaqalar siz uchun ushbu mavsumda muhim hisoblanadi?
– Bu yil professional sportchilarning orzusidagi musobaqa – Olimpiya o‘yinlari Parij shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda qatnashish huquqiga ega chiqish har bir sportchi uchun katta baxt. Men uchun joriy yilgi yana bir eng jiddiy musobaqa bu – Abu-Dabida o‘tadigan navbatdagi jahon chempionati. Chempionatda munosib ishtirok etish, Parijda o‘z mahoratimni namoyish qilishni maqsad qilganman. Bundan tashqari, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashining qarori bilan bir qator nufuzli turnirlarda ishtirok etamiz.
– Nega Portugaliya va Fransiyada o‘tgan ikki yirik turnirda ishtirok etmadingiz?
– Portugaliyada o‘tgan “Gran-pri” va Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a” turnirlarida jarohatim bois ishtirok eta olmadim. Aytishim kerak, yil boshida Yevropa mamlakatlarida terma jamoamiz bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazdik va Avstriya mamlakatidagi yig‘inda jarohat oldim.
– Jarohat bitgach xalqaro musobaqalarning qaysi birida tatamiga chiqasiz?
– Hozirda Olimpiya o‘yinlariga qadar 10 ta yirik turnirlar bor va men jarohatim tuzalishi bilan musobaqalarda ishtirok etishni niyat qilmoqdaman. Maqsadim, mart oyida poytaxtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Katta dubulg‘a” turnirida tatamiga chiqish. Bu ro‘y beradimi, yo‘q vaqt ko‘rsatadi. Muhimi, jarohatim bitsa bas.
– Jarohatingiz sabab dam olyapsizmi yoki mashg‘ulotlarni davom ettiryapsizmi?
– Shu kunlarda Toshkent viloyatidagi sport bazasida terma jamoamiz bilan navbatdagi yig‘inda ishtirok etmoqdaman. "Parij-2024" oldidan dam olishga vaqt yo‘q hisobi. Har bir kun, har kunlik mashg‘ulot ko‘nikmasi muhim. Qovurg‘amdan olgan jarohatimga kelsak, u qadar jiddiy emas. Tuzalishga vaqt kerak bo‘lyapti. Shifokorlarimizga rahmat. Ular tezroq musobaqalar maydoniga qaytishim uchun har kuni ko‘mak ko‘rsatyapti. O‘ylaymanki, Toshkent musobaqalariga qadar hammasi izga tushib ketadi.
– Yevropaning qaysidir dzyudo klubining a’zosi hisoblanasiz. Klubdagi faoliyatingiz O‘zbekiston terma jamoasi safida musobaqalarda ishtirok etishingizga xalal bermaydimi?
– Fransiyaning PSJ va Germaniyaning Bundesliga dzyudo klublari bilan shartnomam bor. Ular bilan hamkorligim faoliyatimga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Aksincha, iqtisodiy jihatdan va doimiy musobaqa ko‘nikmasini oshirib borishimga yordam beradi. Ular bilan kelishuvda Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidagi musobaqalarda ishtirokimga doir rozilik bandi kiritilgan.
– Tatamida raqibingiz bilan bellashayotganda o‘zingizga quloq solasizmi yoki treneringiz ko‘rsatmalariga amal qilasizmi?
– Bellashuv vaqtida murabbiyimni eshitaman. Lekin ko‘p hollarda to‘liq amal qilmayman. Sababi, tatamining ichidagi holatni raqib va sportchigina biladi. Murabbiy tatamidagi hamma nuqtadagi texnik-taktik, ruhiy va jismoniy vaziyatni to‘laligicha anglay olmaydi. O‘zimdan qiyos, murabbiyimning gapini eshitaman. Ammo o‘zim bilgan, ko‘rib turgan holatga qarab bellashuvga kirishaman. To‘g‘ri, ba’zida murabbiy ko‘rsatmasida haqiqat bo‘ladi, ba’zida esa aksi. Shu jihatdan, bunday vaziyatga bir yoqlama qarab bo‘lmaydi. Men kurash vaqtida o‘zimning ichki sezgimga, ham murabbiyimning ko‘rsatmasiga amal qilaman. Qaysi biri to‘g‘ri bo‘lsa o‘sha holatda harakatni amalga oshiraman.
– Sir bo‘lmasa, Davlat Bobonovning eng ezgu orzulari nimalar ediyu, qaysi birlari amalga oshdi va qaysilari o‘z ijobatini kutmoqda?
– Bu dunyoda orzu-istaksiz inson bo‘lmasa kerak. Hammaning ham niyatlari bo‘ladi. Faqat ularning qay darajada amalga oshishi muhim. Sportchi sifatida shukurki, ko‘pgina orzularimga erishdim va erishmoqdaman. Bir paytlari chempion bo‘lsam ota-onamni, ustozimni xursand qilaman, deya niyat qilgandim. Bu istaklarim o‘z ijobatini topganidan baxtiyorman. Olimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘ldim. Toshkentda o‘tgan jahon chempionatida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib, shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan oltin medalni qabul qilib oldim. Bunday sharafga erishish har qanday sportchi uchun ulug‘ baxt. Hali oldinda ko‘plab yaxshi niyatlarni rejalashtirib qo‘yganman. Vaqti-soati kelib ularga erishganimda sizlar bilan baham ko‘raman, albatta.
– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!
To‘qin Ro‘ziyev,
Javohir Toshxo‘jayev suhbatlashdi,
O‘zA