Ustoz musavvirlar ijodiga e’tibor
2021 yilda o‘zbek tasviriy san’atining yetuk vakillari – Rahim Ahmedov tavalludining 100 yilligi, Malik Nabiyev tavalludining 105 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlandi. Ayni paytda Badiiy akademiyaga bu borada tegishli choralarni amalga oshirishga oid topshiriqlar berildi. Badiiy akademiya matbuot xizmati bu haqda ma’lum qilmoqda.
Ustoz ijodkor Rahim Ahmedov 1921 yil 26 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston rassomlik maktabining asoschilaridan biri. Rassom “Qahramon ona”, “Cho‘pon”, “Student qiz portreti”, “Ona o‘ylari”, “O‘zbek qizi portreti”, “Qashqadaryolik ayol” , “Muqimiy”, “Nigora”, “Nabi Rahimov”, “Shuhrat Abbosov”, “Bahor”, “Ona o‘ylari” singari ko‘plab asarlari bilan o‘zbek tasviriy san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
1961 yilda O‘zbekiston xalq rassomi unvoni berilgan. 1967 yil Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, 1998 yil “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Malik Nabiyev 1916 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Rassom tarixiy janrda ijod qilgan, buyuk ajdodlarimiz va zamondoshlarimizning mukammal obrazlarini yaratgan.
Ijodkor tomonidan 1994 yilda yaratilgan Sohibqiron Amir Temur portreti – buyuk sarkarda va davlat arbobining obrazi namunasi, deb tan olingan.
Mo‘yqalam sohibiga 1992 yilda O‘zbekiston xalq rassomi unvoni berilgan. 1997 yil “Mehnat shuhrati”, 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Ustoz ijodkorlarning tavallud sanalari bunday yuksak tarzda nishonlanishi ularning merosini o‘rganish, tasviriy san’at rivojiga betimsol hissa qo‘shgan ijodkorlar xotirasini e’zozlash, yoshlarda milliy tasviriy san’atimizga bo‘lgan hurmat va qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

N.Usmonova, O‘zA