USAID bilan sumalak sayli oʻzgacha oʻtdi
Bahorning betakror bayrami - Navroʻzi olamni sharq xalqlari azal-azaldan eʼzozlab keladi. Ayniqsa, yurtimizda bu ayyom qadimiy, eng sevimli umumxalq bayrami sifatida qadrlanadi. Zero, ayni shodiyona el- ulus qalbida yaratish, bunyodkorlik hissini uygʻotadi. Kishilarni hamjihatlikka, birdamlikka undaydi.
Quvonarlisi, bugungi kunda yasharish bayrami boʻlgan Navroʻzni nafaqat yurtdoshlarimiz balki, turli millat vakillari, xorijliklar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ham qizgʻin nishonlamoqda.
Shunday sayllardan biri AQSH Xalqaro Taraqqiyot agentligi (USAID ) tomonidan tuzilmaning Oʻzbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman qarorgohida tashkil etildi.
Bayramga taklif etilgan mehmonlar, OAV xodimlari doshqozonda sumalak tayyorladi. Koʻklamning mashhur taomini tayyorlash, bugʻdoy undirish jarayoni haqida suhbat qurildi.
Bayramona bezatilgan moʻjaz hovlida milliy kuy-qoʻshiqlar yangradi. Milliy libosimizdagi xorijliklar ushbu ayyomning mazmun-mohiyati, tarixi haqidagi afsona, rivoyatlarni tinglab, sumalak kovlashdi.
– Soʻzim avvalida oʻzbek xalqini betakror milliy bayram – Navroʻz bilan tabriklayman, – deydi janob Xofman. – Yurtingizga kelganimga hali koʻp boʻlmadi, ammo goʻzal anʼana va urf-odatlaringiz, bayramlaringiz, milliy liboslar va taomlar haqida anchagina maʼlumot toʻpladim: bularning bari menga juda yoqdi. Mehmondoʻst oʻzbek xalqiga hurmatim ortdi. Shu bois, oʻzbek tilini oʻrganmoqchiman. USAID tomonidan yil davomida muntazam ravishda loyiha, tadbirlar amalga oshirib kelinadi. Bu jarayon tinimsiz mehnat va izlanishni talab etadi. Bayram tadbirlari esa hamkasblar bilan dildan samimiy suhbat qurib, charchoqni yengish, yangi marralar sari dadil qadam tashlashga zamin yaratadi. Sumalak sayli, Navroʻz bayrami ham bizga shunday imkoniyat berdi. Bugun men uchun oʻzgacha kun. Navroʻzning asosiy taomi – sumalakni ilk bor tatib koʻrdim, taomni pishirish, bugʻdoy undirish jarayonini kuzatdim. Qisqasi, hayotimda juda qiziqarli, esda qoladigan voqea yuz berdi. Bu yil Navroʻz musulmonlar uchun eng muqaddas hisoblangan Ramazon oyida nishonlanmoqda. Demak, qoʻshaloq bayram bilan barcha oʻzbekistonliklarni samimiy muborakbod etaman.
Darhaqiqat, sumalak sayli oʻzgacha ruhda, koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Boisi, qaysi millat vakili boʻlishidan qatʼi nazar, yigʻilganlarning qalbida faqat ezgulik, yaxshilik, mehr-muhabbat hukm surdi.
Zar chopon kiyib olgan AQSH elchixonasi vakili Entoni bejirim toʻnning chiroyliligini, betakror naqshini eʼtirof etish barobarida tabiiy matodan qoʻlda tikilgan, mehr ila bezak berilgan, juda qulay bu kiyim oʻziga juda maʼqul kelganini taʼkidladi.
– Bugungi ajoyib kun menga juda yoqdi, – deydi Entoni. – Toshkentning hamma bozorida sotiladigan sumalakni tayyorlash marosimi Navroʻzga xos eng muhim anʼanalardan biri ekanini yaxshi bilaman. Koʻp marta isteʼmol qilgan boʻlsam-da, bu taom tayyorlanishini koʻrmagandim. Bugun shu qiziqarli jarayonga guvohman. Sumalak uzoq vaqt, yaʼni 24 soatcha katta qozonda tinimsiz kovlab turgan holda pishirilar ekan. Bu juda mashaqqatli, shu bilan birga zavqli ish. Men ham sumalak kovladim. Bir sutka doshqozon atrofida tik turgan holda taom tayyorlash haqiqiy mehnat ekanini angladim. Shuning uchun ham sumalakni koʻpchilik boʻlib tayyorlashar ekan.
Shu oʻrinda aytmoqchimanki, rang-barang, oʻziga xos, takrorlanmas, juda ajoyib madaniy, milliy anʼana va urf-odatlaringiz koʻp. Bu marosimlarni boshqa hech qayerda uchratmaysiz. Oʻzbekistonda yashash ana shunday zavqli. Masalan, Rishton, Margʻilon, Fargʻona shaharlariga togʻlar osha, goʻzal dovondan oʻtib bordim. Yoʻllar meni hayratga soldi. Oʻsha sayohatdan soʻng boshqa shahar, tumanlarni ham borib koʻrish istagi paydo boʻldi menda. Yurtingizda koʻrganlarimni oila aʼzolarim, amerikalik doʻstlarimga aytib berishni intizorlik bilan kutyapman. Yaqinlarimga bu yurtga kelish, Oʻzbekistonning oʻzgacha tabiati, insonlari, tarixi va madaniyati bilan tanishishni tavsiya etish niyatidaman. Soʻzim yakunida barcha oʻzbekistonliklarni Navroʻz ayyomi bilan tabriklayman!
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/mqgf0eD6XNc" title="USAID bilan sumalak sayli oʻzgacha oʻtdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Goʻzal Sattorova,
Doniyor Yoqubov (video),
OʻzA