«US Open-2026»: Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva ikkinchi davrada kortga chiqadi
Nyu-York kortlarida "US Open-2026" turnirining ikkinchi davrasi boshlandi. O‘zbek tennischilarini bugun jiddiy sinov kutmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi «US Open-2026» turnirining ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida ikkinchi davra uchrashuvlariga start berildi.
Quvonarlisi, mazkur bosqichda mamlakatimizning birinchi va ikkinchi raqamli tennischilari — Kamilla Rahimova hamda Mariya Timofeyeva ishtirok etadi.
Bugun, 2-sentabr kuni vakillarimiz ikkinchi davra doirasida kortga chiqadi. Kamilla Rahimova ispaniyalik Oksana Selexmetevaga qarshi bahs olib borsa, Mariya Timofeyeva belgiyalik Elize Mertens bilan kuch sinashadi.
Joriy yilgi AQSH ochiq chempionatining umumiy sovrin jamg‘armasi 37 million 840 ming dollarni tashkil etmoqda. Yakkalik bahslarida g‘olib bo‘lgan tennischi 5,5 million dollar mukofot puli hamda 2000 reyting ochkosiga ega bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA