Urushdan qaytgan va qaytmaganlar jasorati
Har bir elning oʻz tarixi bor.
1975-yilning 9-may kuni Beruniy tumani Sarkop qishlogʻida biz, taʼlim olayotgan 48-sonli oʻrta maktab oldida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, sobiq ittifoqdan qahramon unvonini olgan, 11 ming 657 botirdan biri Oʻrozboy Jumaniyozovning byusti ochiladigan boʻldi.
Tadbirga bir necha kun tayyorgarlik koʻrilib, bu ishlarning bir qismi maktab oʻquvchi yoshlar tashkiloti kotibi boʻlgan kaminaning zimmasiga tushgan edi. Qahramon haqida Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, koʻpchilikka tanish “Oydinlar” qoʻshigʻi matni muallifi Adenboy Tajimuratov «Sarkopli botir» nomli qissa ham yozgan edi. Byustning ochilish marosimida tuman partiya qoʻmitasi birinchi kotibi, yuridik fanlari nomzodi, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Olimboy Rajabov boshchiligidagi jamoatchilik vakillari qatnashdi. Marosimdan oldin tuman partiya qoʻmitasi targʻibot va tashviqot boʻlimi mudiri Berdaq Doʻshchonov, jamoa xoʻjaligi raisi Rabot Toʻqaboyev, tuman yoshlar qoʻmitasi birinchi kotibi Umar Ishmatov, tuman xalq maorifi boʻlimi mudiri Nurulla Qozoqboyev, maktab direktori Sharif Turumbetov ishtirokida maslahatlashuv boʻlganida Umar Nurumbetovich “Maktab komsomol kotibi Yangiboy Qoʻchqorov soʻzga chiqsin. U sheʼr ham yozib yuradi!” dedi. Ammo shu yerda turgan urush qatnashchisi, qahramon jangchining akasi Bobojon Jumaniyozov “Men yaxshi bilaman: Yangiboy gapira olmaydi. Boshqa birovni tayyorlang!” dedi. Meni qoʻllab-quvvatlagani uchun Bobojon akadan oʻta minnatdor boʻldim. Zero u mening qattiq hayajonga berilib, hatto koʻz yoshimni zoʻrgʻa tiyib turganimni sezib turardi.
Gap shundaki, Sarkop qishlogʻining jasur farzandi, Bobojon akaning bir qorindan tushgan tugʻishgan ukasi Oʻrozboy Jumaniyozov urush boshlanganida shu yerdagi jamoa xoʻjaligining peshqadam zveno boshligʻi boʻlgan. Ikkinchi paxtachilik zvenosini u kabi 1924-yili tugʻilgan jonajon doʻsti, mening amakim Kamolboy Qoʻchqorov boshqarardi. Ikki doʻst urushning birinchi yilida moʻl paxta hosili yetishtirib, “Hamma narsa front uchun, hamma narsa Gʻalaba uchun” degan shiorga munosib ulush qoʻshadi. Harbiy xizmat yoshiga yetgach, 1942-yilning sentyabr oyida ikki doʻst qalb amrlari bilan frontga joʻnaydi, urush taqdirida burilish yasagan shiddatli janglarda qatnashadi. Shunday qaqshatqich janglardan biri 1943-yilning 26-sentyabrga oʻtar kechasi Ukraina hududida, Dnepr daryosidagi kechuvda boʻlib oʻtadi. Unda Armiya generali, 2 karra urush qahramoni Ivan Danilovich Chernyaxovskiy qoʻmondonligidagi 60-armiya tarkibidagi 226-sonli, Suvorov ordenli Gluxov oʻqchilar diviziyasi(qoʻmondoni polkovnik Vasiliy Petrenko)ning 985-sonli oʻqchilar polki avtomatchisi, kichik serjant Oʻrozboy Jumaniyozov va kichik serjant Kamolboy Qoʻchqorov mangulikka aylangan mardlik namunasini koʻrsatadi. Ming afsuski, jangchi K.Qoʻchqorov daryoga choʻqib ketadi. Sobiq Ittifoq Oliy Kengashi Rayosatining 1943-yil 17-oktyabrdagi Farmoniga binoan general I.D.Chernyaxovskiyga va sarkopli botir Oʻrozboy Jumaniyozovga Qahramon unvoni berildi. Diviziyadan 24 odam-V.Akatov, I.Boyev, I.Volgin, L.Glebov, P.Kovalev, A.Makeyev, qoʻmondoning oʻzi polkovnik Vasiliy Yakovlevich Petrenko va boshqalar “oltin yulduz” oldi. Yuksak unvon 19 yashar shabbozlik azamatni yanada botirlik bilan jang qilishga undadi. U 1943-yil 1-noyabr kuni Kiyev viloyati Jmerskiy tumanidagi Rovi qishlogʻi uchun borgan ayovsiz jangda ham mislsiz qahramonlik koʻrsatadi, oʻnlab fashistlarni yer tishlatadi, ammo jangda qattiq yaralanib qahramonlarcha hayotdan koʻz yumadi. Kursk viloyati Verxo-Lyubanskiy tumanidagi Vetrenko qishlogʻi qabristoni sarkoplik jasur yigitning soʻnggi manziliga aylanadi. Qahramon Oʻrozboy Jumaniyozovning xotirasi abadiylashtirildi. U tugʻilib-oʻsib voyaga yetgan, oʻzi ishlagan jamoa xoʻjaligi, oʻqigan maktabi, shahrimizdagi markaziy koʻchalardan biriga Oʻrozboy Jumaniyozov nomi berildi.
Bundan 77 yil avval qoʻlga kiritilgan tarixiy Gʻalaba oʻsha urushdan qaytgan va qaytmaganlarning mislsiz jasoratidir. Ikkinchi jahon urushida Qoraqalpogʻistondan 66 ming 100 nafar jasur yurtdoshimiz ishtirok etib, ulardan 34 ming 200 nafari qaytib kelmadi. 4 yil davom etgan beomon urushda Beruniy tumanidan 6 ming 200 nafar mard yigit qatnashib, ulardan 3 ming nafari janglardan qaytmadi. Sarkoplik botir Oʻrozboy Jumaniyozov Dneprdagi mardligi, yana bir shabbozlik azamat Aleksandr Danilovich Trashkov Dunay daryosida boʻlib oʻtgan shiddatli janglarda botirlik koʻrsatgani uchun qahramon unvoniga musharraf boʻldi. Tumanning minglab farzandlari Stalingraddan to Berlingacha boʻlgan janglarda mardlarcha ishtirok etdi. Razvedkachi serjant Mirza Azimboyev Oder daryosini kechib oʻtishda jasorat koʻrsatgani uchun “Qizil Yulduz” ordeni bilan mukofotlandi. Yana bir sarkoplik jasur yigit, bizning togʻamiz Jabbi Matniyozov marshal I. Konev qoʻmondonligidagi 1- Ukraina frontining 3-tank armiyasi tarkibida Oryol shahrini ozod qilishda qatnashib, Reyxstaggacha jang qilib bordi va eson-omon qishlogʻiga qaytdi, uzoq yillar Oʻrozboy Jumaniyozov nomidagi jamoa xoʻjaligida bosh muhandis boʻlib ishladi.
Urushdan qaytgan botirlardan biri Qilichinoq qishlogʻidan Sotim Abduqodirov (1923-2000) edi. U “Qizil militsiya” xoʻjaligi hududida, dehqon Abduqodir Avazniyozov oilasida tugʻildi. Mehnat faoliyatini 1939-yili oʻsha xoʻjalikda brigada boshligʻi yordamchisi boʻlib boshladi. Brigada boshligʻi Yoʻldosh Abdukarimovdan paxtachilik sirlarini oʻrgandi. Sotim aka 1942-yilning iyunidan 1946-yilning 1-yanvariga qadar Smolensk, Oryol uchun boʻlgan janglardan tortib 103-oʻqchi diviziya, 97-polk, 122-gaubitsali artilleriya batalyoni tarkibida Berlin uchun boʻlgan janglargacha ishtirok etdi. Reyxstag devoriga oʻz ismini yozdi.
Endi yana Bobojon aka Jumaniyozov haqidagi hikoyaga qaytamiz. U urushdan keyin paxtachilik brigadasi yordamchisi boʻlib ishladi. Har yili Gʻalaba bayrami arafasida mening buvim, Dneprda halok boʻlgan amakim Kamolboy Qoʻchqorovning onasi Reymajon ayani koʻrishga kelardi. 1965-yilning 9-may kuni Gʻalabaning 20 yilligi munosabati bilan sovgʻa-salomlar bilan buvimni koʻrishga keldi. U payt buvim qiltomoq yaʼni qiziloʻngach oʻsmasi xastaligiga duchor boʻlgan, yetti oydan buyon toʻshakka mixlangan edi. Buvimning «Kamolboyim qaytarmikan?» degan savoliga Bobojon aka “Albatta, qaytib keladi!” deb javob bergan edi. Shu bir ogʻiz soʻzga javoban buvim oʻrnidan turib, Kamolboy amakim ekkan qantar oʻrikning tagini supurib-sidirdi, uyimiz oldiga rayhon urugʻlarini sepdi. Ertasiga tongda buvim yaratganning omonatini topshirdi. Bobojon aka dafn marosimining boshida turdi. Shu bois u kishi oʻsha byustning ochilishida menga soʻz berdirmagan edi.
Kemaga tushganning joni bir: urushdan keyin qaytganlar va qaytmaganlar masalasida moʻjizalar ham roʻy berib turardi. Aynan shunday voqea urush ishtirokchisi Oʻrinboy Abdullayev (5.04.1912-15.08.1989) bilan yuz berdi. U Toʻrtkoʻl(hozirgi Ellikqalʼa tumani)ning Bogʻyop qishlogʻida tugʻilgan edi. U 1943-yilning yanvarida harbiy xizmatga chaqiriladi. 2-Boltiqboʻyi fronti, 3-zarbdor armiyasi, 219-Idrisk oʻqchi diviziyasi, 375-oʻqchi polkining 1-oʻqchi rotasi jangchisi Oʻ.Abdullayev 1944-yilning 18-iyulida katta serjant Hakimjon Axmetgalin rahbarligida Latviyaning Ludz shahri yaqinida dushman ortiga razvedkaga yuborildi. Sunuplyava qishlogʻi yaqinidagi 144-sonli tepalik strategik jihatdan juda muhim edi. Oʻ.Abdullayev ogʻir kontuziyaga uchrasa ham tepalikni kerak muddatgacha ushlab turdi, askarlarimiz ustunlikni qoʻlga olganidan keyingina hushidan ketdi. Fashistlar uni topib olib, Magdeburg konslageriga joʻnatadi. Oʻ.Abdullayev halok boʻldi, degan taxmin bilan 1945-yilning 24-martida unga urush qahramoni unvoni beriladi. Million-million begunoh bandalarning yostigʻini quritgan Buxenvald konslagerlar tizimining oʻttizdan ortiq shoxobchasi boʻlgan. Shulardan bittasi Anxalt-Saksoniya zamini markazi Magdeburgda edi. Bu yerdagi ajal tegirmonidan eson-omon qaytgan Oʻ.Abdullayev avval Boshqirdiston poytaxtida yashadi. Keyin qadrdon qishlogʻi Bogʻyopga qaytdi, imkon darajasida ishlab chiqarishda ter toʻkdi.
1962-yilning may oyida Gʻalabaning 20 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilarining bir qismi oʻzlari jang qilgan joylarga sayohatga bordi. Oʻrinboy Abdullayev sobiq safdoshlari bilan oʻsha Sunuplyava qishlogʻiga, 144-sonli tepalikka bordi. Ludz shahar xotira xiyobonida Oʻrinboy Abdullayev toshdek qotib qoladi. Yonidagilar “Nima gap boʻldi?” deb soʻrasalar, bitta qabrdagi yozuvga ishora qiladi. Unda strategik tepalikni himoya qilishda shahid ketgan 11 mard yigit – boshqird Hakimjon Axmetgalin, rus Vasiliy Andronov va Mixail Shkurakov, ukrain Pyotr Siroyejkin, chuvash Matvey Chernov va Fyodor Ashmarov, qirgʻiz Toʻqboy Toyqorayev, tatar Yoqub Shokirov, tojik Choʻtboy Oʻrozov, oʻzbek Teshaboy Qoraboyev va qoraqalpoq Oʻrinboy Abdullayevning shu tepalikda qahramonlarcha halok boʻlgani, hammasiga qahramonlik unvoni berilgani yozilgan edi. Hamma hayratga tushadi va bu haqda Moskvaga xabar yuboradi. Oradan bir oy oʻtgach Toshkentda Oʻzbekiston Oliy Kengashi Rayosati Raisi Yodgor Nasriddinova frontdan qaytmadi, deb hisoblangan, aslida qaytib kelgan jangchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Partiya 21 syezdi” jamoa xoʻjaligi zveno boshligʻi Oʻrinboy Abdullayevga 11152-sonli “Sovet Ittifoqi Qahramoni” oltin yulduzni topshirdi. Oʻsha yili jamoa xoʻjaligiga respublika rahbari Sharof Rashidov boradi. Chunki kolxoz davlatga rekord miqdorda yaʼni 11 ming tonna “oq oltin” sotgan edi. Oʻrinboy Abdullayev bilan paxtachilikda yana bir zveno boshligʻi yaʼni oʻsha Toʻrtkoʻl tumanidagi “Leningrad” kolxozidan Sovet Ittifoqi Qahramoni Inoyat Navroʻzboyev(10.09.1918-29.04.1999) musobaqalashgan edi. U Ikkinchi Jahon urushidan “oltin yulduz” bilan qaytgan 20 nafar qoraqalpogʻistonlikning biri edi.
U Amu sohilidagi Amirobod qishlogʻida tugʻilib-oʻsdi. Matonatli yigit 1941-yilning sentyabrida qalb amri bilan yurt mudofaasiga otlanib, Voronej fronti tarkibidagi 52-armiya, 254-oʻqchi diviziya, 933-oʻqchi polkda xizmat qildi. U 1943-yilning 2-oktyabrida Dneprni suzib oʻtishda mardlik koʻrsatib, oʻndan ortiq dushman jangchisini qirib tashladi, fashistlarning oʻq otish nuqtasiga barham berdi. 17-oktyabr kuni Kreshchatik qishlogʻidagi jangda ham mardlik namunasini koʻrsatdi. 1944-yilning 22-fevralida unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Urushdan qaytgach koʻp yillar davomida Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlari ijtimoiy hayotida faol qatnashdi. Biz ikkala qahramon bilan ham bir necha bor uchrashdik, jasoratga boy hikoyalarini tingladik. Oʻrinboy Abdullayevning mardligi haqida marshal A.Yeremenkoning kitobida ham yozilgan.
Ikkinchi jahon urushida botirlik koʻrsatgan qoraqalpogʻistonliklar orasida yuqorida qayd qilingan Oʻ.Jumaniyozov, A.Trashkov, Oʻ.Abdullayev, I.Navroʻzboyevlardan tashqari Plis Nurpeisov, Nikolay Sarayev, Ivan Maxorin, Maxash Balmagʻambetov, Ivan Banifatov, Juman Qoraqulov, Mixail Bulatov, Dmitriy Bernadskiy, Andrian Pishchulin, Aleksandr Simanov, Filipp Chepurinlar ham bor edi. Gvardiyachi serjant, 73-Stalingrad oʻqchi diviziyasi alohida oʻquv batalyoni 2-rotasining boʻlim komandiri M.Balmagʻambetov 1914-yilda Qoraoʻzakda tugʻilgan, shu tuman harbiy komissariati tomonidan harbiy xizmatga chorlangan edi. U Dnepr daryosi sohillarida boʻlgan janglarda mardlik koʻrsatib, ikki marta “Kizil Yulduz” ordeni bilan mukofotlandi. 1943-yilning 25-sentyabrida serjant Balmagʻambetov xizmat qilayotgan rota Dnepr daryosidan oʻta boshlaydi. Serjant baliqchilarning ikkita qayigʻini topib, Dnepropetrovsk viloyatining Borodayevka qishlogʻi yonida oʻz boʻlimi bilan batalyonda birinchi boʻlib daryoning oʻng qirgʻogʻiga suzib oʻtadi. Maxash va quroldoshlari qirgʻoqqa oʻtishi bilanoq ularni daryoga uloqtirib tashlashga uringan koʻp sonli fashist avtomatchilariga qarshi jangga kirishadi. Balmagʻambetov boshliq boʻlinma bir kunda dushmanning uch atakasini qaytardi va jaladek oʻq yogʻilib turganligiga va havodan toʻxtovsiz bomba tashlanayotganligiga qaramay, oʻng qirgʻoqdagi pozitsiyani qoʻldan bermay turadi. Shu kuni kechqurun boʻlim dushmanni uloqtirib tashlab, qishloq yaqiniga bostirib kirdi. 27-sentyabrda botirlar rota yetib kelguncha kun boʻyi marrani tutib turadi.
28-sentyabrga oʻtar kechasi Maxashni chaqirib olib, unga qiyin bir vazifa topshiriladi. U gitlerchilar mudofaaga moslashtirgan va oʻt ochish nuqtalarini betonlab jihozlagan uyni portlatib yuborishi lozim edi. Serjant oʻsha uyga yaqin kelib, derazasiga tankka qarshi otiladigan granata uloqtirdi va uyga oʻrnashib olgan fashistlarga qiron keltirdi. Bu esa batalyonning olgʻa harakat qilishiga va qishloqni ishgʻol etishiga imkoniyat yaratdi. 1943-yil 7-oktyabrda Borodayevka xutorlari qishlogʻi yonida boʻlinma rotadan ajralib qolgan boʻlsada, egallangan marrani tashlab ketmadi va nemislarning oldinga qarab harakat qilishiga yoʻl bermadi. Boʻlinma bir kun davomida dushmanning olti hujumini qaytardi, 30 tacha gitlerchini qirib tashladi. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1944-yil 22-fevraldagi farmoni bilan gvardiyachi serjant Maxash Balmagʻambetovga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.
Qizil Bayroqli 123-gvardiyachi togʻ-oʻqchi Turkiston diviziyasi 327-togʻ-oʻqchi Sevastopol polki avtomatchilar rotasining gvardiyachi oddiy askari, 1921-yilda Qoraoʻzakda tugʻilgan Juman Qoraqulov 1944-yilning oktyabr oyida 4-Ukraina frontining qoʻshinlari tarkibida Karpat togʻlaridan oshib oʻtdi va Chexoslovakiya territoriyasiga kirdi. Dushman uzoq vaqtga moʻljallangan istehkomlarda turib, kamtik qarshilik koʻrsatdi va togʻ yon bagʻrida katta oʻt ochish vositalari joylashtirdi. Barcha yoʻl va daralarga minalar qoʻyildi va toʻsiqlar koʻrildi. Bizning shturmchi otryadlarimiz sapyorlar bilan birga harakat qilib, dushman mudofaasi oldidagi maydonga qurilgan gʻovlardan oʻtdi. Shundan keyin jangga asosiy kuchlar kirdi. Sovet qoʻshinlari old tomondan va yonboshdan kuchli zarbalar berib, dushman mudofaasini yorib oʻtdi.
Chexoslovakiya aholisi Juman va uning quroldoshlarini shod-xurramlik, non-tuz, guldastalar, meva, vino bilan kutib oldi. Bir chex choli Jumanni quchoqlab, oʻz ona tilida bir narsalar dedi. Tarjimon hamshira chol unga “Bizlar Sizlarni koʻzlarimiz toʻrt boʻlib kutayotgan edik. Sizlarning mardligingiz ming yillardan keyin ham unutilmaydi. Chunki erk insonga non, suv, havodan ham muhim. Chunki ozodlik or-nomus deganidir!” soʻzlarini aytganini tushuntirdi. Cholning kampiri Jumanga yangi tikilgan koʻylak sovgʻa qildi va yigʻlab yubordi. “Koʻylakni oʻgʻliga tikkan ekan, oʻgʻli fashistlar tomonidan konslagerda yoqib yuborilgan ekan. Endi sen mening oʻgʻlimsan. Shu koʻylakni kiyganda men bagʻri kuygan kampirni esga ol. Yaratgan Egam Gitler degan jallodni doʻzax oʻtida kuydirsin!” deyapti deb tushuntirdi hamshira. Juman chex kampirni quchoqlab, yuzlaridan oʻpdi, unga yarim buxanka non berdi. Kampir nonni xuddi gulni hidlagandek uzoq hidladi va Maxashning buyum xaltasiga solib, “Hali Berlingacha ancha bor. Gitler degan toʻngʻizni oʻz uyasida ezib tashlashing uchun bu non senga kerak boʻladi!” dedi. Shu yerda turgan barcha zobit va askarlarning koʻzlari namlandi. Jumanning koʻz oldiga Qoraoʻzakda qolgan mushtipar onasi keldi. Boshidagi saukelesi(bosh kiyimi – muallif izohi)ni tuzatib qoʻygancha oq fotiha bergan onasini oʻyladi. Yanada joʻshqinroq shasht bilan Reyxstag tomonga otlandi.
Yurtdoshimiz Juman Qorakulov oʻzining qahramonona jasoratini ana oʻsha tarixiy kunlarda koʻrsatdi. Preshov oʻlkasining Zvala (Chexoslovakiya) aholi punktidan gʻarbrokdagi 762 tepaligi qoʻldan qoʻlga oʻtib turgan edi. Bizning boʻlinmalarimiz nemislarning bu tepalikdagi pozitsiyalarini ishgʻol qilayotgan edi, chunki dushman qattiq oʻq uzib, hujumchilarni orqaga qaytaraverdi. Shturmchi rota tepalik yon bagʻirlaridan oʻtayotgan vaqtda qilingan atakalardan birida Juman Qorakulov ilgari borib, jangchi Romanovskiy bilan birga nemislar transheyasiga bostirib kirdi. Ular uch soat davomida transheyani qoʻldan bermadilar va yopirilib kelayotgan dushmanni qaytarib turdi. Bizning boʻlinmalarimiz Qoraqulov yoniga bora olmadilar, shuning uchun unga orqaga qaytish toʻgʻrisida buyruq berildi. Ertasi kuni, 18-oktyabrda, rota oʻz hujumini takrorlagan vaqtda Qoraqulov yana ilgari ketdi, nemislar mudofaasining birinchi qatoridagi okopni ishgʻol kelib, bir necha soat davomida bir gruppa fashistlarga qarshi jang qildi va oʻz rotasining olgʻa bosishiga yordam qildi. Birok rota, uning bilan birga Qoraqulov bu gal ham orqaga chekinishga majbur boʻldi. Nihoyat, rota yana ataka qilganida Qoraqulov jangchi Sarkisyan bilan birga uchinchi marta nemislar transheyasiga otildi va avtomatdan oʻq uzib, rotaning hujumini qoʻllab turdi. Shu payt oʻng qanotdagi nemis pulemyoti birdan oʻt ochib qoldi. Qoraqulov granata bilan shu oʻt ochish nuqtasiga tashlandi. U halok boʻldi, lekin Vatan oldidagi oʻz burchini ado etdi. Kommunist Qoraqulov sovet va chexoslovak xalqlarining erkinligi va baxt-saodati yoʻlida, buzilmas chexoslovak-sovet doʻstligi yoʻlida chexoslovaklar elida oʻzini qurbon qildi. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan gvardiyachi qizil askar Juman Qoraqulovga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.

Yana bir eldoshimiz, gvardiyachi starshiy leytenant, Qizil Bayroqli 47-alohida gvardiyachi razvedkachi Borisovo aviatsiya polkining uchuvchi-kuzatuvchisi, 1919-yilda Taxtakoʻpirda tugʻilgan Plis Kolgeldiyevich Nurpesov uzoqqa borib razvedka qilish maqsadida 17-marta jangovar uchishni muvaffaqiyatli bajarganligi uchun 1944-yil iyulida Qizil Bayrok ordeni bilan mukofotlandi. Oʻsha yilning avgustida yana jangga 14-marta muvaffaqiyatli uchgani uchun ikkinchi Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlandi. Dekabrda esa birinchi darajali Vatan urushi ordeni jasur uchuvchining koʻkragini bezadi. 1944-yil martdan 1945-yil apreligacha ekipaj sostavida Nurpesov 106-marta jangga uchib bordi. Shu vaqt ichida havo razvedkasining masteri darajasiga yetdi va polkda jasur, matonatli va tashabbuskor kuzatuvchi-uchuvchilardan biri boʻlib qoldi.
Nurpesov uchish vaqtida radionavigatsiya vositalaridan ustalik bilan foydalanar edi. Polkdagi uchuvchilar oʻrtasida birinchi boʻlib kunduzi Berlin, Kenigsberg, Dansig, Gdinya, Shtettin va shu kabi boshqa yirik shaharlar, temir yoʻl halqalariga, siyosiy markazlarga razvedka maqsadida va ularni suratga olish uchun uchdi. U ustalik bilan razvedka olib borib, Dnepr, Berezino daryolari yoqasida, SSSRning Gʻarbiy davlat chegarasida mudofaa inshootlari, sharqiy Prussiyadagi Mazur koʻllaridagi mudofaa sistemasini aniqladi. Nurpesov bir necha bor janglarga uchishda qahramonlik koʻrsatdi. Havo razvedkachisining eng yaxshi fazilatlari hisoblangan mahorat, jasorat, ziyraklik namunalarini namoyish qildi va eng murakkab va masʼuliyatli jangovar topshiriqlarni bajardi. Sharqiy Prussiya va Pomeraniya ustidan 1945-yil fevral – mart oylarida uchgan vaqtida oʻz oldiga qoʻyilgan jangovar vazifani bajarish bilan birga oʻzi shaxsan tashabbus koʻrsatib va oʻqchi radist bilan birga ish koʻrib, chekinayotgan dushman kolonnalarini 17-marta shturm qildi va bunda 50 soldat va ofitserni qirib tashladi, koʻpgina avtomashinalarni yoʻq qildi va ikki eshelonni yondirib yubordi.
P.Nurpeisov ekipaji oldiga 1945-yil 26-martda Berlin rayonidagi ikki aerodromni razvedka qilish vazifasi qoʻyildi. Qaytishda uchuvchi oʻz tashabbusi bilan Berlin shahrining markaziga oʻtdi, zenit toʻplarining toʻxtovsiz oʻqini pisand qilmay, shahar markazining gʻarbiy qismini suratga oldi, ustalik bilan taktik manyovr ishlatib, samolyotni zenit toʻplarining oʻti zonasidan eson-omon olib chiqdi va qoʻmondonlikka dushman toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar olib keldi. Katta leytenant P.Nurpeisov Germaniya territoriyasi, Sharqiy Prussiya, Pomeraniya, Brandenburg viloyati va Berlin ustidan 256 soat uchib 89 600 kilometr yoʻl bosdi va 800 000 varaqa tashladi. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1945-yil 18-avgustdagi Farmoni bilan gvardiyachi katta leytenant Plis Kolgeldiyevich Nurpesovga Sovet Ittifoki Kahramoni unvoni berildi.
Urushdan qaytib oʻlka turmushida faollik koʻrsatganlar orasida akademiklardan Yangiboy Doʻsumov, Sobir Kamolov, davlat va partiya arboblaridan Qalandar Toirov, Nurulla Abdullayev, Mixail Lunev (ikkalasi oʻz ismini Reyxstag devoriga oʻyib yozgan), Minaj Oʻtemuratov, Asxat Ilyosov, Yoʻldosh Rajabov va boshqalar bor edi.
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi Yoʻldosh Rajabov (1922-2010) doimo el bilan hamnafas, hamqadam boʻldi. Qushning ikki qanoti boʻladi. Yoʻldosh aka uchun bir qanot mehnat, ikkinchisi bilim boʻlib keldi. Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida yosh yigit Shabboz qishlogʻida tuzilgan “R.I.K.” jamoa xoʻjaligida brigada boshligʻining yordamchisi, 1937-yildan ovul Kengashi kotibi boʻldi. 1938-1941-yillarda tegishli tarzda taʼlim olib, kasb egalladi. 1942-1944-yillarda Ikkinchi Jahon urushining eng qaynoq jabhalarida, Kalinin, 1- va 2-Belorussiya frontlari tarkibida bugungi kunimiz uchun aziz boshini oʻq yomgʻiriga tutdi. 1944-yili Belorussiya zamini uchun kechgan qaqshatqich jangda bir oʻzi 14 nafar fashist gazandasini yoʻq qilib, “Qizil Yulduz” ordeni, minomyot bilan uchinchi reyxning «Ferdinand» artilleriya tankini yakson etgani uchun “Jasorati uchun” medali bilan mukofotlandi. 1944-yil yozida Vitebsk shahri yaqinida yuz bergan jangda razvedka jarayonida dushman minasidan ogʻir yaralandi. Moskva, Perm shaharlari harbiy gospitallarida uch oy muttasil davolangach, urushdan 1944-yilda qaytib keldi. Toʻla oyoqqa turgach, avval harbiy komissar yordamchisi, keyin tuman ijroiya qoʻmitasi harbiy-hisobga olish boʻlimi boshligʻi, 1945 -1946-yillarda Shabboz tumani moliya boʻlimi byudjet noziri, 1946-1949-yillarda davlat banki Shabboz tuman boʻlimi boshqaruvchisi, 1949-yilning dekabridan Shabboz tuman ijroiya qoʻmitasi raisi, 1951-yildan QQASSR Moliya vaziri lavozimlarida ishladi. Sankt-Peterburgda oliy taʼlim oldi. 1955-yili qaytib kelib, yana vazir, 1957-yilning fevralidan Shabboz tuman partiya qoʻmitasi birinchi kotibi boʻldi. Yoʻldosh aka sarkotib boʻlganidan bir nscha oy oʻtgach, tumanimiz va shahrimizga ulugʻ bobomiz Abu Rayhon Beruniyning muborak nomi berildi. U rahbar boʻlgan 5 yil mobaynida tuman taraqqiyotning katta yoʻliga chiqib oldi, bir necha sanoat korxonalari ishga tushirildi. Keyinchalik Y.Rajabov chorak asrga yaqin Qoraqalpogʻiston davlat bankini boshqardi. Rafiqasi Toʻti opa Masharipova mehnat faoliyatini 1935-yilda oʻqituvchilikdan boshladi. 1939-yildan Shabboz tuman yoshlar qoʻmitasi ikkinchi kotibi, 1940-yildan Shabboz tumani ijroiya qoʻmitasi umumiy boʻlimi mudiri, 1942-yildan Shabboz tumani sudi raisi, 1947-yildan QQASSR Oliy Kengashi Raisi oʻrinbosari boʻlib ishladi. Ikki marta QQASSR Oliy Soveti deputati boʻldi. Bugun Beruniy shahridagi koʻchalardan biri ayaning nomi bilan yuritilmoqda. El oqsoqolining farzandlari ham ota izidan borib, faol rahbarlar boʻlib yetishdilar. Komiljon Yoʻldoshevich koʻp yillardan buyon Beruniy dambalar boshqarmasi boshligʻi, Gʻafurjon Yoʻldoshevich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining oʻrinbosari, keyin Beruniy tuman hokimi lavozimida ishladi. Inisi Olimboy Rajabov Xoʻjayli va Beruniy tumanlarini boshqardi.
Ikkinchi Jahon urushiga Qoraqalpogʻistondan 61618 jasur yigitlar otlangan edi. 2022-yil 5-may holatiga ulardan 4 kishi - nukuslik Qodirboy ota Narmanov, qanglikoʻllik Oʻrozboy ota Nametullayev, qoraoʻzaklik Genjemurat ota Allaniyazov va toʻrtkoʻllik Ivan Fyodotovich Galenko qoldi. U 1924-yilning 14-martida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk viloyatida tugʻilgan. Ota-onasi xizmat vazifasi bilan Qoraqalpogʻistonning oʻsha paytidagi poytaxti Toʻrtkoʻlga ishga keladi. Shu yerda ulgʻaygan Ivan 1941-yili Toʻrtkoʻl rayon harbiy komissariatidan harbiy xizmatga chaqiriladi. 1941-yilning 1-avgustidan oʻqchi oʻquv polkida taʼlim olib, 1941-yilning oktyabrida harbiy qasamyod qabul qiladi. 1942-yilning 20-dekabrida oʻqchi diviziya tarkibida botirlik koʻrsatadi. Natijada 749- oʻqchi polkning boʻlim komandiri vazifasiga koʻtariladi. 1945-yilning 21-mayida urushdan qaytadi. Hozir Toʻrtkoʻl shahrining “Bogʻyop” mahallasi “Gʻalaba” koʻchasi 62-uyda istiqomat qiladi. Bir necha kundan buyon Ivan boboning xonadoni gavjum. Jamoatchilik vakillari urush qahramoniga turli sovgʻa-salomlar, gullar taqdim etmoqda.
– Mendan urush taassurotlarini gapirib berishimni koʻp soʻraydilar, – deydi I.F.Galenko. – Bu haqida soʻzlashni umuman yoqtirmayman. Chunki koʻz oldimda yuzlab, minglab qarchigʻaydek oʻrtoqlarim oʻq toʻfoni ostida halok boʻlishdi. Son-sanoqsiz shaharu qishloqlarning kuli koʻkka sovurildi. Alloh esa insonni shu goʻzal dunyoda quvonchu kulgi bilan yayrab, yayrab, olam neʼmatlaridan bahramand boʻlib, tinch zamin, musaffo osmonga, bir parcha nonga shukrona qilib yashashi, bir-birini ardoqlashi, avaylashi, qoʻllab-quvvatlashi, avlodlarga obod vatan qoldirishi uchun yaratgan. Yangi Oʻzbekistonimiz bu borada dunyoga namuna boʻlayotgani hammamizni quvontiradi.
Yangiboy QOʻCHQOROV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi