Urug‘lik donni dorilash ishlari qat’iy nazoratda
Urug‘lik don. Bu kelgusi yil hosilini belgilab beruvchi mezon.
Ma’lumki, kelgusi yil hosilining barakali bo‘lishida urug‘lik donning sifatli hamda talab darajasida saqlangani muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda Navoiy viloyatida 2022 yil g‘alla hosili uchun 9 ming 717 tonna urug‘lik don jamg‘arildi.
Viloyatda urug‘lik don tayyorlash rejasi 9717 tonna bo‘lib, uning 3002 tonnasi “Navoiydonmahsulotlari” aksionerlik jamiyatining 1-sonli urug‘lik sexida, 6274 tonnasi korxonaning 2-sonli urug‘lik sexida, qolgan urug‘lik don esa “Karmana Elita urug‘chilik xo‘jaligi”, “Qiziltepa Elita urug‘chilik xo‘jaligi”, “Xatirchi Elita urug‘chilik xo‘jaligi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida jamg‘arilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi inspektorlari “Navoiydonmahsulotlari” AJ da bo‘lib, urug‘liklarni saqlash bir xilda tashkil etilganligi, omborlarda ularni saqlash talablariga qay darajada rioya etilishi ustidan nazorat olib bordi.
– Nazorat tadbiri davomida urug‘lik donlardan namunalar olinib, ularning urug‘lik donga qo‘yilgan talablarga javob berishi aniqlandi, – deydi inspeksiya viloyat boshqarmasi bosh inspektori Abbos Rizoqulov. – Urug‘lik don 2-3 martadan tahlil qilib ko‘rildi. Ularni yanada sifatli dorilash, tarkibida begona aralashmalarni ruxsat etilgan me’yordan oshmasligi bo‘yicha mas’ul xodimlarga ko‘rsatmalar berildi. Korxonada 2022 yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik don kasallik va zararkunandalarga qarshi “Bahor” kimyoviy preparati bilan dorilanmoqda.
bugungi kunda bir kunda 224 tonna, mavsum boshidan buyon esa 1798 tonna urug‘lik donni tozalash-saralash ishlari olib borildi. Jumladan, “Navoiydonmahsulotlari” AJ ning 1-sonli urug‘lik sexida 589, 2-sonli urug‘lik sexida esa 1209 tonna don dorilandi.
Urug‘lik donlarni nav va avlodlar bo‘yicha dorilash ishlarining sifatli bajarilishi kelgusi yilda mo‘l hosil olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Urug‘lik sexlarida esa kelgusi yilga ekish uchun ishlatiladigan donga begona aralashmalar aralashib ketishining oldini olish va sifatli dorilanishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olinib, doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA