Ursula fon der Lyayen lavozimida qoladi
Yevropa komissiyasining amaldagi rahbari Ursula fon der Lyayenni qo‘llab-quvvatlayotgan Yevropa xalq partiyasi (YeXP) saylov natijasiga ko‘ra yangi tarkibda 191 o‘rinni band qildi. Parlamentda jami 720 o‘rin bor.
Yevropa Ittifoqiga a’zo 26 mamlakatda saylovchilar ovozi natijasi e’lon qilindi, faqat Irlandiya va yana bir necha mamlakatdan tegishli ma’lumot yetib kelmagan.
Aytilishicha, jarayonda saylovchilarning 51 foizi qatnashgani avvalgi saylovga qaraganda ancha yaxshi ko‘rsatkich. Ursula fon der Lyayen saylov yakuni bo‘yicha bayonot berarkan, umumiy maqsad yo‘lida va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda hamfikrlar bilan ishlashini bildirdi.
– Saylovda o‘ta o‘ng va o‘ta so‘llar ham qo‘llab-quvvatlangani markazdagilar zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklaydi, – dedi u. – Oramizda turli masala bo‘yicha har xil fikr chiqishi mumkin, biroq asosiy rejamiz barqarorlikni ta’minlash. Yevropa kuchli bo‘lishini istaymiz. Men qit’amizni, Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydiganlar, qonun ustuvorligini ta’minlash tarafdorlari bilan faoliyatni davom ettirishni xohlayman.
Yevrokomissiyaga ikkinchi bor yetakchilik qilishga da’vogar Ursula fon der Lyayen avvaliga Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni rahbarligidagi o‘ta o‘ng partiya bilan koalitsiya tuzishni ham istisno qilmagan edi. Hozirgi natija esa parlamentda ko‘p ovoz olgan YeXP avvalgi koalitsiya – liberallar va sotsialistlar bilan ham parlamentda ko‘pchilik o‘rinni band qilib bo‘lganini ko‘rsatmoqda.