Urganch davlat universitetida ustuvor vazifalar muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimovaning universitet fakultetlari jamoalari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlarda fakultetlarning 2025/2026 o‘quv yilidagi faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar tahlil etildi. Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Talabalarni sportga keng jalb etish, ularning respublika va xalqaro musobaqalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli sportchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada universitetda barpo etilgan 370 o‘rinli sport majmuasi va stadion, shuningdek, rekonstruksiya qilingan Sport faoliyati fakulteti binosi imkoniyatlaridan samarali foydalanish vazifalari belgilandi.
Talabalarning «Yangi O‘zbekiston» talabalari musobaqasida 2-o‘rinni egallagani e’tirof etilar ekan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalariga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuvlarda professor-o‘qituvchilarning xorijiy stajirovkalarini tashkil etish, xorijlik professor-o‘qituvchi va talabalarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or ta’lim dasturlarini joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
[gallery-31586]
Shuningdek, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, dual ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, «Spin-off» loyihalarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish vazifalariga e’tibor qaratildi.
Universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlash, dunyoning TOP-1000 universitetlari qatoriga kirish uchun ilmiy salohiyat va xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarning nufuzli ilmiy nashrlardagi faolligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Talabalar bandligini ta’minlash, iqtidorli yoshlar bilan manzilli ishlash, stipendiatlar safini kengaytirish, talabalarni turar joy bilan ta’minlash, to‘garaklar faoliyati va tyutorlar ishini samarali tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar yakunida fakultet jamoalarining taklif va mulohazalari tinglanib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Behzod SAIDOV (surat), O‘zA