Universitetning sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Namangan davlat texnika universitetida Namangan viloyati Bojxona boshqarmasi boshlig‘i J. Fayzullayev boshchiligidagi boshqarma xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti kursantlari, Davlatobod tumani mahalla yoshlar yetakchilari hamda otaliqqa olingan yoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Universitet rektori, professor O. Ergashev ishtirokchilarni oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, zamonaviy infratuzilma va ilmiy salohiyat bilan tanishtirdi.
Sun’iy intellekt laboratoriyasida talabalarning nazariy bilimini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilayotgan zamonaviy ta’lim muhiti, tahlil markazi, robototexnika va bionika markazlari, startap-akselerator, 9 ta “aqlli” auditoriya hamda maxsus tayyorgarlik xonalari faoliyati namoyish etildi.
[gallery-30356]
Shuningdek, laboratoriyada sun’iy intellekt, robototexnika, “aqlli” transport tizimlari, ekologiya va agrotexnologiyalar yo‘nalishida ishlab chiqilayotgan innovatsion ilmiy-amaliy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini bojxona tizimiga joriy etish, raqamli boshqaruvni takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda ushbu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarni sun’iy intellekt laboratoriyasi qoshida faoliyat yuritayotgan to‘garaklarga jalb etish va ularning innovatsion loyihalardagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yakunda universitetning ilmiy salohiyatidan foydalangan holda bojxona tizimi uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA