Universitetning eng faol professor-o‘qituvchilari taqdirlandi
O‘zbekiston Milliy universitetida joriy yilda talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish va xalqaro hamkorlik masalalarida samarali ishlar olib borildi. Xususan, “QS World University rankings” Reyting agentligining e’lon qilgan reyting natijalarida O‘zbekiston Milliy universitet o‘tgan yilgiga nisbatan 100 pog‘ona yuqorilagani ham buning isbotidir.
Poytaxtimizda “2021 yil yakunlari: natijalar va istiqbollar” mavzusida yil yakunlari bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov kirish so‘zi bilan ochib, joriy yilda oliy ta’lim tizimida olib borilgan islohotlar, amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar hamda kelajakdagi istiqbollar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, fidoyi, faol va ilmiy faoliyatda yutuqlarga erishayotgan professor-o‘qituvchilarni, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash kerakligini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida universitetning 12 nafar professor-o‘qituvchilari, xodimlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, 21 nafar professor-o‘qituvchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha universitet sertifikatlari, pul mukofotlari va kompyuter jamlanmalari bilan taqdirlandi.

– 2021 yil biz uchun tarixiy yil. Chunki mustaqil davlatimiz 30 yoshga to‘ldi. Mana shu 30 yilda qilinga ishlar sarhisob qilinsa, bizning universitet ham katta yutuqlarga erishdi. Joriy yilda ham universitetimizning professor-o‘qituvchilari ilm yo‘lini tanlagan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, maslahat berib, jamiyatimizga nafi tegadigan olimlarni yetishtirib kelmoqda. Bundan tashqari bugungi kun ilm-fani uchun zarur bo‘lgan darsliklar, uslubiy qo‘llanmalar ham yaratilmoqda. Xususan, o‘zimning ilmiy faoliyatim haqida so‘z yuritsam, mustaqilligimizning 30 yilligi mknosabati bilan 5 ta darslik tayyorladim va nashr etildi. Shuningdek, 9 nafar shogirdim PhD ilmiy darajasini olgan bo‘lsa, 1 nafari fan doktori ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Ularning orasida qo‘shni davlatlardan ham shogirdlarim bor. Bularning barchasi universitet rahbariyati tomonidan yuqori baholanib, sertifikat va moddiy rag‘batlantirildim, – deydi falsafa fanlari doktori, professor Nigina Shermuhammedova.
Tadbir yakunida elimizning sevimli san’atkorlari, so‘z ustalari tomonidan tayyorlangan chiqishlar davraga fayz bag‘ishlab, professor-ustozlarning qalbiga quvonch olib kirdi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA