Universitetda xalqaro sana nishonlandi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan har yili 11-oktabrda “Xalqaro qizlar kuni” nishonlab kelinadi.
Namangan shahridagi "University of Business and Science" – Biznes va ilm-fan universitetida sana munosabati bilan “Qizlar – millat tayanchi” shiori ostida bayramona tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi, Namangan shahar hokimligi, shahar oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida uyushtirilgan ushbu tadbir qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, ularning ta’lim olishi, har tomonlama kamol topishi hamda o‘z salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilishga qaratildi.


Dastavval, Namangan shahar hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilorom Abdurahimova ishtirokchilarni xalqaro sana bilan qutlab, mamlakatimizda qizlar kamoli va baxti yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, yuksak e’tibor va qulay imkoniyatlar natijada opa-singillarimiz turli sohalarda salmoqli yutuqlarga erishayotganligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, xalqaro qizlar kuni jamoatchilik e’tiborini qizlar duch keladigan muammolarni hal qilishga qaratishi bilan yanada ahamiyatlidir. Dunyo bo‘ylab qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni kengroq o‘rganish tavsiya etiladi. Qolaversa, qizlarning kamsitilishi bo‘yicha og‘riqli muammolar tilga olinadi.

YUNISEF ma’lumotlariga qaraganda, dunyo bo‘yicha maktab yoshidagi 31 million qiz ta’lim olmaydi, 17 million qiz esa umuman maktabga borolmaydi. Qizlarning ta’lim olishi uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga qaramay, ularning aksariyati fuqarolik urushlari, kambag‘allik tufayli bunga qiyinchilik bilan erishmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida har yili 10 foiz qiz qo‘pol munosabat ortidan halok bo‘ladi va yana shunchasi jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik jabrdiydasiga aylanadi. Shu sabab, jahondagi har uch nafar qizdan bittasi eri yoki sherigi tomonidan ruhiy, jismoniy yoxud jinsiy zo‘ravonlikka duch keladi.

Tadbirda qizlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, kelajakda yetuk mutaxassislar va tashabbuskor yetakchilar bo‘lib kamol topishida ta’lim-tarbiyaning ahamiyati alohida qayd etildi. Shuningdek, qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda teng imkoniyatlarni ta’minlash muhim vazifalardan biri ekani aytib o‘tildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar qizlarning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi va shaxsiy rivojlanishi uchun sog‘lom hamda ijobiy muhit yaratish har bir oila va jamiyatning muhim burchi ekanligi e’tirof etildi.

Binobarin, bugun ta’limli, bilimli va tashabbuskor qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ertangi taraqqiy etgan, farovon va barqaror jamiyatning mustahkam poydevoridir.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur xususiy oliygohda iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. "UBS" universitetida ayni shu maqsadga xizmat qiluvchi turli to‘garaklar tashkil etilib, qizlarga kasb-hunar o‘rgatiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.