Universitetda diplom topshirish marosimi (+video)
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida joriy o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu yilgi tadbir universitet tashkil etilganining 10 yilligi munosabati ko‘tarinki ruhda bo‘ldi. Unda professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ilm dargohining o‘n yillik taraqqiyot yo‘li, ta’lim va ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlari, xalqaro hamkorliklar hamda jahon oliygohlari reytinglarida qayd etilgan yuqori natijalar haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Ta’kidlanganidek, 2016-yilda uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va beshta magistratura mutaxassisligi bilan faoliyat boshlagan universitet bugungi kunda 14 ta bakalavriat va 12 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelayotgan, 6300 nafardan ortiq talabani qamrab olgan zamonaviy oliy ta’lim muassasasiga aylandi.
So‘nggi yillarda universitet xalqaro reytinglarda ham yuqori natijalarga erishdi. Marosimda universitetning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, akademik mobillikni rivojlantirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Joriy o‘quv yilida universitetni jami 1777 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Jumladan, 1077 nafar kunduzgi, 320 nafar sirtqi, 162 nafari kechki ta’lim shakli bo‘yicha tahsil oldi. Ulardan 218 nafari esa magistratura bosqichini yakunladi.
Tadbir davomida bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan, jamoat ishlari va ijodiy faoliyatda alohida yutuqlarga erishgan bir guruh faol bitiruvchilar munosib taqdirlandi.
Tantanali marosim konsert dasturi bilan davom etdi. Universitetning ijodkor talabalari hamda san’atkorlar ishtirokidagi musiqiy chiqishlar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6-FZSoUIWlw" title="Universitetda diplom topshirish marosimi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov,O‘zA