Universitet va maktab o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytiriladi
bugungi kunda oliy ta’lim dargohlari bilan maktablar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini tobora kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa maktablardagi ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglarning kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirish, ularni ta’lim sohasidagi innovatsion usullar bilan yanada kengroq tanishtirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Toshkent davlat texnika universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 5-sonli maktabda bo‘lishdi. Uchrashuvda mazkur oliy ta’lim dargohi hamda umumta’lim maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni tobora kuchaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida o‘qituvchilarga innovatsion pedagogik texnologiyalardan dars jarayonida foydalanish uslubiyati haqida ma’lumot berildi. Hamkorlikda uslubiy qo‘llanmalar, metodik ko‘rsatmalar ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Hamkorlik doirasida ToshDTU qoshida iqtidorli o‘quvchilardan iborat guruhni tuzish, universitet kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan umumta’lim maktabini o‘rganish natijasida maktabni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi maqsadli hamkorlik rejasini tuzish, umumta’lim maktablarida dars jarayonlarini kuzatish va tahlil qilish natijasida maktab o‘qituvchilarida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish va metodik yordam berish maqsadida barcha fan o‘qituvchilariga mahorat darslari hamda ko‘chma amaliy darslar tashkil etish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, maktabning yuqori sinf (8-11sinf) o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar tashkil qilish va unda katta hayotiy tajribaga ega, ilm sohasida mashaqqatli yo‘l bosib o‘tgan olimlarning farzand tarbiyasi borasidagi fikr-mulohazalari va hayotiy tajribalari haqida ma’lumot berish, universitetda ushbu maktab o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etib borish, bunda o‘quvchilarga qiziqishlari bo‘yicha ekskursiyalar tashkil etish orqali ARM, ATM, laboratoriya, muzeylar, ma’ruza zallari va o‘tkaziladigan dars jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish ham rejalashtirilgan. Shu bilan birga, o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha eng iqtidorli va eng o‘zlashtirish darajasi past o‘quvchilarni ajratib, ularning qaysi fanlarga qiziqishini aniqlash va o‘quvchi qiziqqan fan bo‘yicha qo‘shimcha darslarga jalb etiladi.
Maktab o‘qituvchilariga dars jarayonida foydalanish uchun 20 ta tarixiy kitob kutubxonaga hadya qilindi. Uchrashuv jarayonida o‘qituvchilarga Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mavzuidagi mahorat darsi o‘tkazildi.
O‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga universitet pedagoglari batafsil javob qaytardi.
O.Bekmurodova,
O‘zA