“Unicorn Battle”da eng yaxshi 18 ta startap saralab olindi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi U-ENTER Innovatsion markazida innovatsion ekotizim yetakchilari – investorlar, hamkorlar va startaplarni jamlagan “Unicorn Battle” tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu tanlovga turli sohalar kesimida 120 dan ortiq startap ariza topshirdi. Natijada, ishtirokchilar orasidan o‘z yechimini taqdim etishga va kengayish salohiyatini ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan, eng yaxshi g‘oyaga ega 18 startap saralab olindi.
– Bugungi tadbir O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda startap ekotizimining muhim markaziga aylanayotganini yaqqol tasdiqlaydi, - dedi tadbirni ochib bergan IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov. – Bunday tadbirlar nafaqat tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish, balki investorlar va xalqaro maydondagi yirik vakillar e’tiborini ham jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ishonchim komilki, “Unicorn Battle” ishtirok etayotgan har bir startap ulkan salohiyatga ega va kelajakda mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi.
[gallery-21551]
E’tiborlisi, ishtirokchilar orasida “UzCard VC”, “Semurg VC”, “IT Park Ventures”, “Aloqa Ventures”, “Sturgeon Capital” hamda yaqinda tashkil etilgan “United Ventures” kabi yirik fondlar vakillari, venchur investorlar ham bor.
Tadbirda “O‘zbekistonning rivojlanayotgan bozoridagi imkoniyatlarni ochish”, “AI-startaplarga investitsiyalar – rivojlanayotgan bozordagi imkoniyatlar” mavzularida panel muhokamalari o‘tkazildi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 18 ta startap o‘z loyihalarini taqdim etdi.
“Verifix”– Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasidagi iste’dodlar tanqisligini bartaraf etuvchi dasturiy yechimi tanlov g‘olibi bo‘ldi. Mazkur jamoa ishchi kuchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtirish, ishga qabul qilishni tezlashtirish va turli sohalarda o‘sishni rag‘batlantirishni taklif qiladi.
Ikkinchi o‘rin kichik biznes egalari uchun soliq hisob-kitobi, hisoboti va moliyaviy boshqaruvni soddalashtiradigan avtomatlashtirilgan buxgalteriya platformasi bo‘lgan “Azma Finance”ga nasib etdi.
Turkiy tillarga ixtisoslashgan va o‘zbek tiliga tarjima qilishda “Google” va “Yandex”dan ikki barobar ustun bo‘lgan sun’iy intellektli “Tilmoch” tarjima xizmati uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Tadbir xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida tadbirkorlar, investorlar va innovatorlar uchun samimiy muloqot maydoni bo‘ldi.
Kamola Yusupova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA